MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimovni tabriklaymiz!
Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov oʻz tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Oybek Omilovich Kasimov 1980-yil Toshkentda tugʻilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetini tamomlagan. Shundan soʻng Oybek Omilovich oʻz faoliyatini sport bilan bogʻladi va “Paxtakor” futbol klubi bosh direktori, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari sifatida samarali faoliyat olib bordi. Oybek Kasimov 2020-yildan beri oʻzining sevimli ish joyi Milliy Olimpiya qoʻmitasida Bosh kotib lavozimida ishlab kelmoqda. Shuningdek, u kishi Oʻzbekiston regbi federatsiyasi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston tekbol federatsiyasi raisi sifatida yurtimizda ommaviy sport targʻibotini kuchaytirishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Oybek Omilovichning 2016-yil Rio Olimpiadasida delegatsiyamizning muvaffaqiyatli ishtirokida hissasi katta. Olimpiya harakati, jismoniy tarbiya va sportni targʻib qilishdagi xizmatlari evaziga u 2016-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oybek Kasimovni tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.