24 Avgust 2021 1891

Poytaxtimizda faoliyat boshlayotgan Osiyoda yagona qilichbozlik akademiyasi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi

Prezidentimizning yurtimizda sport sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash va ularning tajribasini oshirish borasida bergan topshiriqlari, mazkur yoʻnalishdagi farmonlari ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yil mamlakatimizda ilk bor Osiyo qilichbozlik Akademiyasi tashkil etilmoqda. Akademiya Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi, OʻzR Turizm va sport vazirligi, MOQ, OʻzDJTSU bilan hamkorlikda ochilmoqda. Unda qitʼamizning eng kuchli mutaxassislari mazkur sport turida malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha faoliyat olib borishadi. Bugun MOQda mazkur akademiya ochilishiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda OʻzDJTSU rektori Mahmud Boltaboyev, Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, Sport yakkakurashlari boʻyicha Respublika Oliy sport mahorati maktabi murabbiyi Gennadiy Pelix ishtirok etishdi.

Dastavval Gulnora Saidova akademiya faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi.

“Bu Osiyodagi birinchi akademiya boʻladi. Unda hozircha murabbiylarni tayyorlash koʻzda tutilgan. Qilichbozlik sportida bunday akademiyalar Yevropa va Pan Amerika mintaqasida mavjud xolos. Hozirda akademiya faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirishning soʻnggi bosqichi amalga oshirilmoqda. Fursatdan foydalanib, bu loyihani qoʻllab-quvvatlayotgan hukumatimiz va OʻzDJTSUga minnatdorchilik bildirib oʻtmoqchiman. Bu bilan oʻzbek sportining rivojlanib borayotganini yaqqol koʻrsata olamiz”, – dedi G.Saidova.

Oʻz navbatida Mahmud Boltaboyev ham akademiya faoliyati va Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi bilan hamkorlik borasida yoʻlga qoʻyilgan ishlar xususida gapirib oʻtdi.

Qayd etish joiz, Akademiya toʻliqligicha Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi tomonidan moliyalashtiriladi. Oʻqish 1 yilga moʻljallangan boʻlib, unda yaqinda faoliyatini tugatgan va murabbiy boʻlish istagidagi 6-8 nafar sobiq sportchilar xalqaro federatsiya tomonidan tanlab olinadi. Quvonarlisi, hozirning oʻzida mazkur akademiyada tahsil olishni istagan abituriyentlarning talabnomalari mavjud.

Anjumanda ishtirok etgan jurnalistlar Akademiya faoliyati boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Unda bir qator qiziqarli mavzularda qizgʻin bahs-munozaralar boʻldi.

Text to speech