24 Avgust 2021 1798

Olimpiya zaxiralarini tayyorlash tizimini yanada kuchaytirish mavzusida onlayn yigʻilish oʻtkazildi

MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov boshchiligida Olimpiya zaxiralarini tayyorlash tizimini yanada kuchaytirish mavzusida onlayn yigʻilish boʻlib oʻtdi. ZOOM platformasi orqali oʻtkazilgan ushbu yigʻilishda Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov, sport turlari boʻyicha federatsiya va assotsiatsiyalarning mutasaddi rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Rustam Shoabdurahmonov kuchli zaxira sportchilarini tayyorlash masalasining qanchalik dolzarb ekanini taʼkidlab, bu borada qilinishi kerak boʻlgan ishlar boʻyicha mutasaddilarning fikrini oʻrgandi. Yigʻilish davomida tennis, regbi, gandbol va bir qator federatsiyalar rahbariyati mazkur mavzu yuzasidan oʻz takliflarini bildirib oʻtishdi.

13-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasini qabul qilar ekan, Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik boʻyicha bir qator vazifalarni belgilab berdi. Ular orasida jamoaviy sport turlarida ham Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish vazifasi qoʻyildi.

Qayd etish joiz, sportga ixtisoslashgan taʼlim muassasalarida jamoaviy yoʻnalishlarga ajratilgan kvotalar kam. Yigʻilish davomida shu va boshqa masalalar, jumladan, Olimpiya zaxiralari kolleji, Jismoniy tarbiya va sport universitetida jamoaviy yoʻnalishlardagi kvotalar sonini koʻpaytirish taklifi, sportchilarni qabul qilish va ularni oʻqitish tizimi, milliy chempionatlarda raqobatbardosh kuchli klublarni koʻpaytirish kabi yoʻnalishlar atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlarida ishtirok etadigan jamoalarni shakllantirib borish masalasi ham kunning dolzarb mavzularidan boʻldi. Tadbir yakunida MOQ rahbari kun tartibidagi masalalar yuzasidan federatsiyalarning takliflari koʻrib chiqilishini taʼkidlab oʻtdi.

Text to speech