22 Avgust 2021 1939

Triatlon va ot sport boʻyicha yuqori natija qayd etgan sportchilarimiz taqdirlanishdi

Yurtimiz sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qilib kelayotgan atletlarimiz hamisha eʼtiborda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonligi tomonidan triatlon va ot sport boʻyicha yuqori natija qayd etgan atletlarimiz taqdirlanishdi.

Tadbirda general-mayor Rustam Joʻrayev boshchiligidagi Milliy gvardiya qoʻmondonligi mutasaddilari, Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti, zamonaviy beshkurash federatsiyalari raisi Bahromjon Gaziyev, Oʻzbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun, Uloq-koʻpkari federatsiyasi raisining oʻrinbosari E.Abzalov ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Milliy gvardiya qoʻmondoni sportchilarimizni yil davomida qayd etgan yuksak natijalari bilan qutlab, ularning kelgusi faoliyatida ham omad tilab oʻtdi. Shundan soʻng Milliy gvardiya qoshidagi ot sporti boʻyicha Respublika oliy sport mahorat maktabi chavandozlari N.Tuyakbayev, U.Komilov, O.Sobirjonovga Moskvada oʻtgan Millatlar kubogida yuqori natija koʻrsatgani uchun Milliy Gvardiyaning “Namunali xizmatlari uchun” 3-darajali koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi.

Joriy yilning iyul oyida Kanar orollari oʻtgan triatlon boʻyicha IRONMAN LANZAROTE jahon chempionatida yoshlar toifasida oltin, jamoaviy yoʻnalishda kumush medalga sazovor boʻlgan Jamoat xavfsizligi universitetining xizmatchisi Alina Hakimovaga esa ofitserlar tarkibining birinchi “leytenant” unvoni, imtiyoz asosida 3 xonali uy va “qizil beretka” kiyish huquqi berildi.

Shuningdek, Yelena Kun va triatlon boʻyicha jamoa bosh murabbiyi Viktor Zemsev ham munosib taqdirlanishdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar Milliy gvardiya qoʻmondonligining sportni rivojlantirishga qoʻshayotgan xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtishdi. Shuningdek, qoʻmondon sohada orqada borayotgan viloyat boʻlimlarining faoliyati haqida alohida tanqidiy fikr bildirib, ularga kerakli koʻrsatmalar berib oʻtdi.

Text to speech