Zamonaviy beshkurash turlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi
19-22-avgust kunlari Toshkent shahrida zamonaviy beshkurashning ikkikurash, uchkurash va toʻrtkurash yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent shahri, Andijon, Qashqadaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridan 120 nafar sportchi ishtirok etdi.
20-avgust kuni U-11, U-13, U-15 yosh toifasida 65 nafar boshlangʻich sportchilar ikkikurashning suzish va yugurish yoʻnalishlari boʻyicha qatnashdi.
21-avgust kuni uchkurashning suzish va lazer-ran (lazer toʻpponchasidan oʻq otishni oʻz ichiga olgan yugurish) yoʻnalishlari boʻyicha 55 nafar tajribali sportchilar musobaqalashdi.
22-avgust kuni qilichbozlik boʻyicha musobaqalar oʻtkazilib, unda 17 nafar eng kuchli sportchilar mahoratini namoyon qilishdi.
Taqdirlash marosimida Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Atamurod Ahmedov hamda qishki va murakkab texnik sport turlari boʻyicha ROSMM direktori Azimjon Yusupov faxriy mehmon sifatida ishtirok etib, gʻolib va sovrindorlarga mukofotlarni topshirishdi.