21 Avgust 2021 2187

Muzaffar Abdurahmonov: “Davlat mukofoti sportchi va murabbiylarni yana-da ruhlantiradi”

Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan sportchi, murabbiy, shifokor va mutasaddi rahbarlarni yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirladi.

Mukofot olganlar orasida erkin kurash boʻyicha Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarining bronza medali sovrindori Bekzod Abdurahmonovning ham murabbiyi, ham akasi Muzaffar Abdurahmonov ham bor. U Prezident Farmoniga koʻra “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” faxriy unvoniga loyiq koʻrildi.

“Avvalo, Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga biz sportchi va murabbiylarga koʻrsatayotgan eʼtiborlari uchun barcha sport kurashchilari oilasi nomidan rahmat aytmoqchiman. Biz uchun kutilganidan ham aʼlo darajada gʻamxoʻrlik koʻrsatildi. Bu sportchi va murabbiylarni yana-da ruhlantiradi, yangi gʻalabalar sari undaydi. Ochigʻi, Bekzod bilan Tokio gilamlarida oltin medalni qoʻlga kiritishni niyat qilgandik. Endi bu sport, unda shunday kutilmagan natijalar boʻlib turadi. Ayniqsa, Olimpiya oʻyinlari boshqa musobaqalardan shunisi bilan ham farqlanadi. Nasib qilsa, Parij-2024 Olimpiadasida oliy orzumizni roʻyobga chiqaramiz. Buning uchun astoydil harakat qilamiz. Mashgʻulotlarni allaqachon boshlab yuborganmiz. Oldinda ikki oydan soʻng oʻtkaziladigan jahon chempionati, kelasi yili Xitoyda oʻtajak Osiyo oʻyinlari bor. Bu musobaqalarda ham faqat chempionlik uchun kurashamiz”, – deydi Muzaffar Abdurahmonov.

Oʻzbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Text to speech