Paralimpiyachilarimiz Tokioga tantanali kuzatildi
Xabaringiz bor, joriy yilning 24-avgustidan 5-sentyabriga qadar Yaponiya poytaxti Tokio shahrida XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Bugun Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasida delegatsiyamiz aʼzolarini Tokio shahriga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, sportchilar va ularning ota-onalari, murabbiylar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tantanali marosimni Tanzila Norboyeva ochib berdi. Tanzila Kamalovna soʻz oʻrnida Tokioda boʻlib oʻtadigan XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida ularga omad va zafarlar tilagan holda, yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytishlarini, xalqimiz, Prezidentimiz ishonchlarini oqlashlari uchun bor mahoratlarini ishga solishga chaqirib, oʻzining samimiy tilaklarini izhor etdi.
Soʻngra Abdulla Aripov sportchilarimizga yozgi Paralimpiya oʻyinlarida kuch-quvvat tilab, muhtaram Prezidentimiz hamda millionlab muxlislarimiz ulardan gʻalabalar kutishlarini aytib oʻtdi.
Shundan soʻng, Tanzila Norboyeva va Aziz Abduhakimov davlat bayrogʻini Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayevga tantanali ravishda topshirishdi. Soʻngra Oʻzbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.
Marosimda soʻz olgan sportchilar – Muhammad Rexsimov va Shahnoza Mirzayeva Paralimpiya harakatiga qaratayotgan yuksak eʼtibori uchun barcha paralimpiya sportchilari nomidan yurtboshimizga oʻz minnatdorchiliklarini izhor qilishdi va nasib qilsa, Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasiga yuqori natijalar bilan qaytishlarini aytishdi.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov duoga qoʻl ochib, Tokioga yoʻl olayotgan delegatsiyamiz vakillariga oq yoʻl tiladi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston sport delegatsiyasi Tokio-2020 yozgi Paralimpiya oʻyinlariga sportning 8 turida 55 ta yoʻllanma qoʻlga kiritgan.