19 Avgust 2021 1934

Srechko Katanes MOQga tashrif buyurdi

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi boʻlishi kutilayotgan taniqli murabbiy Srechko Katanes MOQga tashrif buyurdi. Sloveniyalik mutaxassisni Qoʻmita rahbariyati qarshi oldi.

Kecha tunda Toshkentga yetib kelgan sloveniyalik murabbiy Srechko Katanes futbol boʻyicha Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi sifatida eʼlon qilinishi kutilmoqda. Bugun u yurtimizning sport infratuzilmasi bilan tanishar ekan, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga ham tashrif buyurdi. Mehmonni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov va assotsiatsiya mutasaddilari kutib olishdi.

Tashrif davomida Srechko Katanesga oʻzbek sportining boy tarixi, yaqinda yakuniga yetgan Tokio-2020 va boshqa Olimpiya oʻyinlarida atletlarimiz qayd etgan natijalar, istiqbolli rejalar xususida maʼlumot berildi. Shuningdek, mutaxassis MOQ qoshida tuzilgan va sportchilarimiz uchun xizmat qilayotgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi haqida ham axborot oldi.

MOQ rahbariyati Katanesning terma jamoamizda koʻrishdan mamnun ekani, yaqin vaqt davomida koʻplab rejalarni hamkorlikda amalga oshirishdan umidvor ekanini bildirib, uning faoliyatiga omad tilab oʻtdi.

Text to speech