18 Avgust 2021 1773

Nukusda velosport boʻyicha mamlakat chempionatiga start berildi

Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasida velosport boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatiga start berildi. Unda 2007-2008-yillarda tugʻilgan yoshlar gʻoliblik uchun bahs olib borishmoqda.

Musobaqada Respublikamizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan 100 nafarga yaqin yosh velopoygachilar oʻz mahoratlarini namoyish etishmoqda. Reglamentga koʻra, bugungi kun dasturida sportchilar 5 km masofaga shaxsiy poyga boʻyicha yakkalik bellashuvlarini oʻtkazishdi.

Qiziqarli kechgan bahsda gʻoliblik mezbon jamoa vakili Beksultan Kurbaniyazovga nasib etdi. Ikkinchi natijani Milliy gvardiya qoshidagi “Dinamo” klubi vakili Nursultan Tursunov qayd etgan boʻlsa, kuchli uchlikni Nikita Yeremov yakunlab berdi.

Taʼkidlash joiz, ushbu chempionatni Nukusda oʻtkazishdan maqsad Respublikamizning barcha hududlarida sport targʻibotini yana-da kuchaytirishdir. Qoraqalpogʻiston esa sal kam 40 yil ichida ilk bor ushbu sport turidagi Respublika chempionatiga mezbonlik qilmoqda.

Text to speech