17 Avgust 2021 2732

Akbar Joʻrayev: “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoniga loyiq koʻrishganidan boshim osmonga yetdi

Kuni-kecha XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni eʼlon qilindi va unda Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasining bir qator vakillarining mehnati ham eʼtirof etildi. Jumladan, Tokio-2020 gʻolibi va rekordchisi Akbar Joʻrayev “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Tadbirdan soʻng, Joʻrayev federatsiya matbuot xizmatiga bergan intervyusida taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi:

«Uzoq yillik mehnatimiz samarasiz ketmaganidan xursandman. Bu nafaqat mening, balki butun oʻzbek xalqining gʻalabasi. Musobaqaga puxta tayyorgarlik koʻrish uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan yurtboshimizga tashakkur. Sportga boʻlgan eʼtibor tufayli ushbu gʻalabalarni qoʻlga kiritdik. Olimpiada rekordini oʻrnatganimdan juda mamnunman. Shuningdek, ustozlarimga, meni qoʻllab turgan, men uchun duoda boʻlgan barcha-barchaga rahmat aytmoqchiman.

“Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoniga loyiq koʻrishganidan boshim osmonga yetdi. Ushbu unvon menga qoʻshimcha kuch bagʻishlaydi va oʻziga yarasha masʼuliyat ham yuklaydi. Kelgusi musobaqalarda, jahon va qitʼa chempionatlari hamda Parij Olimpiadasida ham yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarishga bor kuchim bilan harakat qilaman».

Text to speech