Saken Polatov Oʻzbekiston terma jamoasi bokschilari bilan uchrashuv oʻtkazdi
Tokio-2020 Olimpiadasi oʻz nihoyasiga yetdi. Demak, bizda yangi sikl boshlandi. Olimpiada yakuniga yetgach, oʻz-oʻzidan navbatdagi musobaqalarga tayyorgarlik boshlab yuborildi. Oʻzbek bokschilarini oldinda koʻplab musobaqalar kutib turibdi.
Bugun navbatdagi musobaqalar oldidan MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov terma jamoamiz aʼzolari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi.
Yigʻilish davomida endilikda terma jamoada ishni tashkil etishda kiritiladigan oʻzgarishlar, oldindagi rejalar va boshqa masalalar gaplashib olindi. Yigʻilish davomida federatsiya rahbari barcha uchun imkoniyat borligi haqida gapirdi.
«Endilikda terma jamoa tarkibi bir necha mutaxassisdan tashkil topgan murabbiylar kengashi qaroriga koʻra aniqlanadi. Terma jamoa uchun yigʻinlar soni koʻpaytiriladi. Barchangizda oʻz oldingizga qoʻygan maqsadingiz bor. Unga erishish uchun esa faqat va faqat mehnat qilishingiz lozim. Bu yerda oʻtirgan barcha bokschilar Parij-2024 Olimpiadasi, jahon chempionatlari uchun potensial nomzod hisoblanishadi. Sizdan talab qilinadigani faqat intizom va mehnat. Musobaqalarga kim kuchli boʻlsa oʻsha boradi. Tarkib tanlashda nomlarga qarab oʻtirmaymiz. Barchada imkoniyat bor. Shuni his qilishingizni istardimki, muhtaram yurtboshimiz Shavkat Miromonovichning boksga eʼtiborlari boshqacha. Biz ushbu eʼtiborga yuksak natijalarimiz bilan javob qaytarishimiz lozim», – dedi Saken Polatov.
Yigʻilish davomida shuningdek, kengaytirilgan tarkib aniqlab olingani maʼlum qilindi. Bu yil oʻtadigan jahon chempionati 13 ta vazn toifasida oʻtkazilishi yana bir bora eslatib oʻtildi. Uchrashuvda terma jamoamiz sardori Bahodir Jalolov va yana bir necha bokschilarimiz soʻzga chiqib, oʻz fikrlarini bildirib oʻtishdi.
Oʻzbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati