17 Avgust 2021 1988

Tokio-2020: Bir qiziq fakt

Ortda qolgan Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida sportchilarimizning chiqishiga oid qiziqarli faktlarni ulashishda davom etamiz. Navbatdagi fakt Olimpiada chempioni va rekordchisi Akbar Joʻrayev haqida.

Ogʻir atletikachimiz -109 kg vazn toifasida ishtirok etib, 5 yil avval Ruslan Nurudinov kabi asosiy raqobatda armanistonlik Simon Martirosyanni ortda qoldirishga muvaffaq boʻldi. Qizigʻi, u ham siltab koʻtarish mashqida Nurudinov kabi 237 kg tosh koʻtarib, Olimpiada rekordini oʻrnatdi.

Yana bir jihati, agar Joʻrayev +109 kg vazn toifasida ham ishtirok etib, shu natijani qaytara olganida, katta vazn toifasida bronza medaliga ega chiqishi mumkin edi. Ushbu vazn toifasida bronza medaliga sazovor boʻlgan suriyalik Man Asad ikki kurash natijasi boʻyicha 424 kg tosh koʻtargan. +109 kg vazn toifasida kumush medal sohibi eronlik Ali Dovudi 441 kg, oltin medal sohibi va jahon rekordchisi, gruziyalik Lasha Talaxadze esa 488 kg natija qayd etgan edi. Bu borada Akbar Joʻrayev 430 kg ogʻirlikni qayd etganini eslatib oʻtamiz.

Erkaklar oʻrtasidagi barcha vazn toifalarida gʻoliblar yoki Olimpiada, yoki jahon rekordi bilan oltin medalni qoʻlga kiritishdi.

Text to speech