17 Avgust 2021 1949

Oʻzbek sporti va Xidaka shahri oʻrtasida almashinuv dasturi

Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi Tokio-2020 almashinuvi doirasida Yaponiyaning Xidaka shahriga tashrif buyurdi.

Tadbir Xokkaydo orolida joylashgan va shu nomdagi Guberniyaga qarovchi Xidaka shahri rahbariyati bilan boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirga Xidaka shahrining tanlab olinishi bejiz emas, boisi u yerda shu paytgacha ot sporti boʻyicha yirik musobaqalar oʻtkazib kelingan va shaharda zotdor tulporlarni koʻpaytirishga ixtisoslashgan zavodlar ham mavjud. Mehmonlarni shahar meri Chiaki Otaka qarshi oldi. Dasturga muvofiq, delegatlar shahardagi otxonalar, muzey va maktablar, kutubxona, ippodrom kabi joylarda boʻlishdi.

Ot poygalari bu oʻlka uchun ayni atalgan boʻlib, Xidaka yilning eng yirik musobaqalaridan biriga mezbonlik qiladi. Shahar ippodromida 1600 metr uzunlikdagi teng qum qoplamali poyga yoʻli mavjud. Tadbir doirasida Hamyurtlarimizdan iborat delegatsiya uchun maxsus “Oʻzbekiston – Yaponiya: Oʻzaro aloqalar va hamkorlik” nomi ostida poyga tashkil etildi. Uning faxriy mehmonlari Oʻzbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev, federatsiya bosh kotibi Kseniya Gulyamova, Tokio-2020 atletlari Aleksandr Savkin va Alise Faxrutdinova boʻlishdi.

Bir necha kunlik dasturning yakunida Olimpiyachilarimiz mahalliy yoshlar va maktab oʻquvchilari uchun zamonaviy beshkurash sporti boʻyicha oʻziga xos mahorat saboqlarini oʻtkazib berishdi. Federatsiya raisi va bosh kotib ham atletlarimiz tomonidan tashkil etilgan estafetada qatnashdilar.

Bir soʻz bilan aytganda, Tokio-2020 almashinuv dasturi Xidaka shahri aholisi va vakillarimizga zamonaviy beshkurash sporti, oʻzbek va yapon madaniyatlari haqida qimmatli maʼlumotlar berdi.

Text to speech