16 Avgust 2021 3225

Ulugʻbek Rashitov: “Prezidentimizga sportga shu qadar koʻp vaqt ajratayotganlari uchun katta rahmat aytaman”

Taekvondo boʻyicha Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Ulugʻbek Rashitov “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlanganidan xabaringiz bor. Chempionimiz buning uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik izhor qildi.

“Muhtaram Prezidentimizga sportga shu qadar koʻp vaqt ajratayotganlari uchun katta rahmat aytmoqchiman. Shu tufayli biz sportchi yoshlarda barcha sharoitlar bor va xalqaro musobaqalarda gʻolib boʻlish uchun barcha imkoniyat mavjud. Davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni berilishi men uchun katta sharaf. Prezidentimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan har qanday marralarni zabt eta olamiz.

Men Oʻzbekiston bayrogʻini yuqoriga koʻtarishga, madhiyamiz yangrashiga va xalqimizni xursand qilish uchun borimni beraman. Tokiodagi Olimpiadadan keyin Oʻzbekistonga qaytib kelganimizda yurtdoshlarimiz bizni ajoyib tantana bilan kutib olishdi. Menimcha, hech qaysi mamlakatda sportchilarni bunday kutib olishmagan. Buning uchun hukumatimizga katta rahmat aytaman. Xudo xohlasa, 2024-yil Parij Olimpiadasida ham oltin medalni olib kelishga vaʼda beraman.

Tokiodagi Olimpiada finali vaqtida ortimda xalqim, Prezidentim va oilam turganini his qildim. Parijdagi Olimpiadada barcha oʻzbekistonlik sportchilarda oltin medal boʻlishini tilab qolaman. Yana bir bor katta rahmat», – deydi Ulugʻbek Rashitov.

Text to speech