16 Avgust 2021 1983

Ikki kurashchimiz yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etishadi

Rossiyaning Ufa shahrida sport kurashlari bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati boshlandi. Ushbu musobaqada 2 nafar kurashchimiz yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Unda -61 kg vazn toifasida Buenos-Ayres o‘smirlar Olimpiadasi chempioni, o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati g‘olibi Umidjon Jalolov, o‘smirlar Olimpiadasi sovrindori Muhammadrasul Rahimov (-92 kg) g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.

729 kunlik tanaffusdan so‘ng o‘tkazilayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida dunyoning 53 davlatidan 500 nafardan ziyod kurashchi 120 ta medallar jamlanmasi uchun bahslarga kirishadi. Bundan avvalgi jahon chempionati 2019 yili Estoniyaning Tallin shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Pandemik vaziyat sabab o‘tgan yili yoshlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazilmadi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, 19 yoshli Umidjon Jalolov o‘z ishtirokini to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finaldan boshlaydi. Uning raqibi qozog‘istonlik Salamat Malikov hamda ozarbayjonlik Abdulfaz Nasirov o‘rtasidagi bellashuvdan so‘ng ma’lum bo‘ladi. 20 yoshli Muhammadrasul Rahimov esa 1/8 finalda AQSh kurashchisi, 19 yoshli Rokki Jozef Elamga qarshi bahs olib boradi.

Text to speech