14 Avgust 2021 2399

Tokio-2020: Sport turlari bo'yicha qaysi davlatlar yetakchilik qilishdi?

Tokio-2020 Olimpiya o'yinlarining yakuni bo'yicha bir qator qiziqarli faktlarni e'tiboringizga havola qilishda davom etamiz. Bu gal sport turlari kesimida qaysi mamlakat etakchilik qilgani haqida gaplashamiz.

Boks

Bu borada etakchilik Kuba jamoasiga nasib etdi. Ular 4 vazn toifasida finalga chiqqan bo'lishsa, barchasida g'alaba qozonishdi. Bu esa hech shubha yo'qki, birinchilikni ularga taqdim qildi. O'zbekiston va Bolgariya jamoalari 1 tadan oltin medal bilan sakkizinchi pog'onadan joy olishdi. Nasib qilsa, hali Parij-2024 Olimpiadasida etakchilikni qaytarib olamiz.

Taekvondo

Bu galgi Olimpiya o'yinlarida ushbu sport turida oltin medallarning tarqalish geografiyasi juda keng bo'ldi. Eng qizig'i, taekvondo vatani hisoblanmish Koreya Respublikasi birorta ham oltin medal ololmadi. Faqat Rossiya Olimpiya qo'mitasi vakillarigagina 2 ta oltin medal nasib qildi. Ulug'bek Rashitovning oltin medali bizni to'rtinchi pog'onaga olib chiqdi.

Og'ir atletika

Bu borada xitoylik atletlar yakka peshqadam bo'lishdi. Ishtirok etgan 8 sportchisidan 7 tasi chempionlikni qo'lga kiritgan bo'lsa, 1 nafari kumush medal bilan taqdirlandi. Biz esa Akbar Jo'raevning Olimpiada rekordi bilan kuchli beshlikdan joy oldik.

Sport kurashlari

Ushbu sport turida ayollar kurashidagi ustunlik musobaqa mezbonlarini birinchi o'ringa ko'tarib yubordi. Etakchilar qatoridan roq va AQSh vakillari ham joy olishdi. O'zbekiston termasi Bekzod Abdurahmonovning shohsupaga ko'tarilgani evaziga medalchilar qatorini yakunlab turibdi.

Dzyudo

Yapon milliy sporti o'z uyidagi Olimpiya o'yinlarida yana bir bor qayta tug'ilgandek bo'ldi. "Nippon Budokan" arenada o'tgan bellashuvlarda Davlat Bobonovning g'alabasi bilan davlatimiz bayrog'i ko'tarildi. Olimpiadaning har qanday medali qimmatli. Muhimi, 200 dan ortiq qatnashchi davlatlar orasida medal ololgan 26 davlat orasida biz ham bormiz.

Suzish

Olimpiya o'yinlarida eng ko'p medallar jamg'armasi o'ynaladigan sport turlaridan biri. Unda AQSh vakillarining ishtiroki ushbu delegasiyaning umumjamoa hisobida birinchi o'rinni qo'lga kiritishida (11 ta oltin) ulkan hissa qo'shdi. Ikkinchi o'rin 9 ta oltin medalga sazovor bo'lgan Avstraliyaga nasib etgan bo'lsa, kuchli uchlikni 4 ta oltin medal bilan Buyuk Britaniya yakunlab berdi.

Engil atletika

Shuncha sport turlari haqida gapirganda "Sport qirolichasi"ni yoddan ko'tarish mumkin emas. Kutilganidek, bu dasturda ham AQSh etakchilik qildi. Ushbu sportda oxirgi medali London-2012, so'nggi oltin medali Pekin-2008 Olimpiadasiga to'g'ri keladigan italiyaliklar bu gal 5 ta oltin medal bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgani o'zlari uchun ham kutilmagan g'alaba bo'ldi, deyish mumkin. Kuchli uchlikni keniyaliklar yakunlab berishdi.

Text to speech