13 Avgust 2021 2540

Sportchi va murabbiylarga davlat mukofotlari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-avgust kuni XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashdi.

Tadbirda Milliy Olimpiya qo‘mitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.

Davlatimiz rahbari barchani O‘zbekiston milliy terma jamoasining ulkan g‘alabasi bilan tabrikladi.

Ma’lumki, ushbu Olimpiya o‘yinlari 23-iyuldan 8-avgustgacha Yaponiya poytaxti Tokio shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda 17 ta sport turi bo‘yicha 71 nafar vakilimiz qatnashdi. Bu yurtimiz sporti tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Avvaldan ham, musobaqa paytida ham sportchi va murabbiylarga kerakli sharoitlar yaratib berildi. Ular 3 ta oltin va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, 200 dan ziyod davlat orasida umumjamoa hisobida 32-o‘rinni egalladilar. Shu tariqa, mamlakatimiz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi o‘rin bo‘ldi. Shuningdek, atletlarimiz 3 ta Olimpiya rekordini yangilab, jahon sporti tarixida yorqin sahifa ochdi.

Jamoamizga ilk oltin medalni 19 yoshli taekvondochi Ulug‘bek Rashidov keltirdi. U bunday muvaffaqiyatga erishgan yurtimizdagi eng yosh sportchi bo‘ldi.

Og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev umumiy hisobda 430 kilogramm tosh ko‘tarib, Olimpiya rekordini o‘rnatdi va Vatanimizga ikkinchi oltin medalni keltirdi.

Mohir bokschi Bahodir Jalolov, Prezidentimizga bergan va’dasining ustidan chiqib, eng og‘ir vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi.

Yurtimiz yakkakurashlar maktabining umidli vakillari – dzyudochi Davlat Bobonov va erkin kurashchi Behzod Abdurahmonov bronza medallarini qo‘lga kiritdilar.

Prezidentimiz ushbu sportchilarning ota-onalari va murabbiylariga alohida rahmatlar aytdi.

– Tomirlarida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning kuch-g‘ayrati jo‘sh urib turgan, ularga har tomonlama munosib bo‘lgan avlodgina bunday ulkan ishlarga qodir bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yurtimizda ayollar sporti rivojlanib borayotgani e’tirof etildi. Buni Tokio Olimpiadasida 28 nafar sportchi qizlarimiz qatnashganida ham ko‘rish mumkin. Bu mustaqil O‘zbekiston tarixida rekord natijadir.

Davlatimiz rahbari dunyo miqyosida shuhrat qozongan qahramon sportchimiz Oksana Chusovitina haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. U sport gimnastikasi bo‘yicha ketma-ket 8-marta Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan. Bu jahon sporti tarixida noyob hodisa bo‘lib, Ginnesning Rekordlar kitobiga kiritilgan. Shu bois uning ishtiroki Tokio Olimpiadasining muhim voqealaridan biri sifatida e’tirof etildi.

– Bunday afsonaviy sportchimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning jasorati, irodasi, g‘alabaga qat’iy intilishi yosh sportchilar uchun ulkan muvaffaqiyat va shon-sharaf maktabi bo‘lib qoladi, – deya ta’kidladi Prezident.

Vatanga muhabbati, sportga fidoyiligi va ulkan xizmatlari uchun Oksana Chusovitinaga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoni berildi.

Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolovning sport maktablarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Prezidentimiz qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatimiz tarixida birinchi marta Olimpiadada qatnashgan 18 yoshli Zaynab Dayibekova, og‘ir atletika bahslarining eng yosh ishtirokchisi bo‘lgan 19 yoshli Kumushxon Fayzullayevani ham tilga oldi.

– Mana, ko‘rib turibsizlar, O‘zbekistonning jasur sportchi qizlari xalqaro maydonlarga dadil kirib kelmoqda. Barchamiz ularga chin qalbdan tasanno aytamiz. Ayni vaqtda men sportchi yigitlarimizga qarab aytmoqchiman: agar qattiq g‘ayrat qilmasalaringiz, qizlarimiz hademay sizlardan o‘tib ketadi, – deya lutf qildi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, yurtimizda Olimpiya o‘yinlarining g‘oliblari 200 ming AQSh dollaridan, kumush medal sohiblari 100 ming va bronza medal egalari  50 ming AQSh dollaridan mukofot puli bilan taqdirlanishi belgilab qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbari sportchilarni murosasiz kurashlarga tayyorlashda murabbiylarning xizmatlari katta ekanini alohida ta’kidladi. Shu bois Olimpiada chempionlarining murabbiylari 40 ming AQSh dollaridan, bronza medal sohiblarining ustozlari 20 ming AQSh dollaridan mukofotlanishi aytildi.

Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish va unda ishtirok etishning o‘zi ham bir muvaffaqiyat. Buning uchun sportchi ko‘p yillar davomida mashg‘ulot olib boradi, o‘zini shunga bag‘ishlaydi. Shuni hisobga olib, bunday sportchilarning har biri 5 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirilishi ma’lum qilindi.

Tadbirda 2024 yilda Parijda bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik borasidagi vazifalar ham ko‘rsatib o‘tildi.

Avvalo, sport menejmenti bo‘yicha xalqaro kompaniyani jalb etgan holda, sohaning har bir bo‘g‘inini auditdan o‘tkazish, uning natijalari asosida jismoniy tarbiya va sportni hamda sport federatsiyalari boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.

Faqat yakkakurashlar bilan cheklanmasdan, jamoaviy sport turlari bo‘yicha ham yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish muhimligi ta’kidlandi.

Sport bo‘yicha ta’lim sifatini yaxshilash, zamonaviy metodika va  amaliyotlarni joriy etish, iqtidorli sportchilarni saralash va tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni va sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak, – dedi Prezident.

Olimpiya zaxiralari kollejlarida qabul kvotalarini butunlay qayta ko‘rib chiqish va ularda ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Mamlakatimizda 329 ta sport maktabi bor. Ularda 13 ming nafardan ziyod murabbiylar ishlamoqda, 328 mingdan ortiq yoshlar sportning 30 dan ortiq turi bilan shug‘ullanmoqda. Biroq bu maktablarning hammasi ham samarali faoliyat ko‘rsatayapti, deb bo‘lmaydi. Ayrimlaridan bironta respublika chempioni yetishib chiqmagan.

Shuning uchun 2021-yildan boshlab har bir sport maktabiga davlat buyurtmasi berish tizimini joriy etish, ularda sport razryadi va unvonlarga ega o‘g‘il-qizlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Respublika miqyosidagi chempionatlarning saviyasi tushib ketgani, raqobat kamligi ko‘rsatib o‘tildi. Jamoaviy sport turlari bo‘yicha hududlardan jamoalar yetarlicha ishtirok etmayapti. Federatsiyalar esa chempionatlarni bor-yo‘g‘i 4-5 ta jamoa ishtirokida, nomiga o‘tkazish bilan cheklanmoqda.

Shu bois Turizm va sport vazirligining tuzilmasini hamda jamoaviy sport musobaqalari o‘tkazishni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik ta’minotini yaxshilash, bunda ilg‘or xorijiy tajriba bilan birga, ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qo‘llash muhimligi ta’kidlandi. Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, u yerda sport psixologiyasi va diyetologiyasi bo‘limlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarining g‘olib va sovrindorlarini hamda ularning murabbiylarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari belgilandi.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash va chempionatlar o‘tkazish tizimini to‘liq raqamlashtirish, Olimpiya zaxiralari platformasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12-avgustdagi farmoniga muvofiq, Olimpiya o‘yinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Sportchi va murabbiylar, ota-onalar so‘zga chiqib, yuksak hurmat va e’tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Manba: prezident.uz

Text to speech