Tokio-2020: Multimedalchilar bilan tanishing
Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida bir qator atletlar turli yoʻnalishlarda 1 yoki 2 emas, hatto undan koʻp medallarga sazovor boʻlishdi. Ushbu maqolada ular haqida maʼlumot beramiz:
1. Kaleb Dressel (AQSH)
Amerikalik ushbu suzuvchi ayrimlar uchun afsonaviy Maykl Felpsni eslatib yubormoqda. Biroq afsonaning natijalariga yetish hali-beri hech kimga nasib etmasa kerak. Ammo Kaleb Tokioda 6 dasturda ishtirok etib, ularning 5 tasida medalga sazovor boʻldi. Ularning barchasi oltin medal ekanligi esa u uchun yana-da yoqimli. Kaleb Rio-2016 da 2 ta oltin medal qoʻlga kiritgan edi. Endilikda u 7 karra Olimpiya oʻyinlari chempioni deb taʼriflanadi. Shuningdek, u Tokioda 1 ta jahon va 3 ta Olimpiada rekordini ham yangiladi.
2. Emma Makkeon (Avstraliya)
Dressel eng sifatli medal jamgʻarish boʻyicha yetakchilik qilgan boʻlsa, Makkeon medallar soni boʻyicha peshqadam boʻldi. Avstraliyalik suzuvchi oʻzi ishtirok etgan 7 dasturning barchasida shohsupaga koʻtarildi. Ulardan 4 tasi oltin, 3 tasi bronza medali.
3. Keyli Makkioun (Avstraliya)
Yana bir avstraliyalik suzuvchi oʻz medallari bilan mamlakatining umumjamoa hisobidagi oʻrnida katta hissa qoʻshdi. 20 yoshli ushbu suzuvchi ilk Olimpiadasida 3 ta oltin va 1 ta bronza medallarini jamgʻarishga muvaffaq boʻldi. 100 metrga chalqancha suzish dasturida esa Olimpiya rekordini yangilashga erishdi.
4. Ushbu oʻrindan 3 tadan oltin medal qoʻlga kiritgan atletlar joy olmoqda:
An San (Koreya Respublikasi)
Koreyalik yosh mergan qiz kamondan otish boʻyicha eng maksimal natija qayd etdi. Ushbu sportchi qatnashish mumkin boʻlgan yakkalik, jamoaviy va aralash jamoaviy dasturlarning barchasida oltin medal sohibi boʻldi. 20 yoshli chempion saralash bosqichida esa Olimpiada rekordini ham yangiladi.
Liza Karrington (Yangi Zelandiya)
Baydarkachi Karrington mazkur maqolamizda toʻrtinchi oʻrinni bir oʻziniki qilib olgan boʻlar edi, agar uning jamoasi 500 metrga kechgan kvartet dasturida ham medal qoʻlga kiritganida. Biroq u 500 metrga kechgan yakkalik va juftlik dasturi, shuningdek, 200 metrga yakkalik bahslarida gʻalaba qozona oldi.
Eleyn Tompson-Xera (Yamayka)
Yamaykalik sprinter butun Olimpiyachilar hisobidagi multimedalchilar orasida toʻrtinchi boʻlib turgan boʻlsa ham, yengil atletika sporti boʻyicha peshqadamlik qilmoqda. Tompson-Xera 100 va 200 metr masofaga kechgan dasturlar, shuningdek, 100 metrdagi estafeta yoʻnalishida oltin medallarga sazovor boʻldi. Qolaversa, 100 metrga 10.61 soniya yugurib, yangi Olimpiada rekordini ham qayd etdi.
Keyingi oʻrinlardan 2 tadan oltin va kumush medallarni qoʻlga kiritgan suzuvchilar amerikalik Keti Ledeki (AQSH) va Yufei Chjang (Xitoy), 2 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medalini olgan avstraliyalik suzuvchi Ariarne Titmus va boshqa atletlar joy olishgan.