10 Avgust 2021 1940

Tokio-2020 qahramonlariga Prezident sovg‘alari topshirildi

Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi davlatimiz tomonidan ajratilgan maxsus charter reysida ona vatanimizga qaytib keldi. Muzaffar sportchilarimizni hukumat rahbarlari, keng sport jamoatchiligi va minglab muxlislar qarshi olishdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Narbayeva hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov delegatsiyamizni kutib oldi. Mutasaddilar so‘z o‘rnida Olimpiyachilarimizga Prezident tabrigini va o‘zlarining iliq tilaklarini bildirib o‘tishdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham ishtirok etishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artsiti Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova ham o‘z tilaklarini yo‘llashdi.

Shundan so‘ng chempionlarimiz Akbar Jo‘rayev, Ulug‘bek Rashitov va Bahodir Jalolov, ularning onalari hukmatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibordan mamnun ekanligini bildirib, barcha hamyurtlarimizga musobaqa davomida qo‘llab-quvvatlab turishgani uchun tashakkur aytib o‘tishdi.

Keyin Olimpiyachilarimiz maxsus ikki qavatli avtobuslarda Toshkentning markaziy ko‘chalari bo‘ylab sayrga chiqishdi. Ularni har qadamda hamshaharlarimiz qarshi oldilar.

Tadbirning davomi Milliy Olimpiya qo‘mitasida davom etdi. U yerda Yangi O‘zbekiston qahramonlariga Prezident sovg‘asi – chempionlarga “Tahoe” mashinasi va 4 sotihli kottej, bronza medali egalariga esa “Trebleizer” va 2 xonali uy kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

O‘z navbatida, sportchilarimiz ko‘rsatilayotgan bunday e’tibordan mamnun ekanliklarini bildirib, kelajakda vatanimiz bayrog‘ini yanada ko‘klarga ko‘tarishga va’da berishdi.

Text to speech