Ravshan Irmatovni tabriklaymiz!
Bugun oʻzbek sportining yorqin vakili, futbol boʻyicha Osiyoning 5 karra eng yaxshi hakami Ravshan Irmatov tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Ravshan Sayfuddinovich Irmatov 1977-yil 9-avgust kuni tugʻilgan. FIFA referisi sifatida faoliyat olib borgan Ravshan Sayfuddinovich futbol boʻyicha jahon chempionatlarida eng koʻp oʻyin boshqargan hakamdir. Hamyurtimiz JAR-2010 mundialida 5 ta, Braziliya-2014 mundialida 4 ta va Rossiyada oʻtgan jahon chempionatida 2 ta, jami 11 ta uchrashuvni boshqarib borgan. Bir necha bor klublar oʻrtasidagi JCH, Osiyo kubogi va OCHL va boshqa nufuzli musobaqalarning asosiy oʻyinlarida hakamlik qilgan. 2015-yil esa jahonning eng yaxshi referisi deb topilgan. Ravshan Sayfuddinovichnnig bunday xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholanib, «Buyuk xizmatlari uchun» va “El-yurt hurmati” ordenlari, “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Hozirda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Ravshan Irmatovni tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik tilab qoladi.