8 Avgust 2021 2012

Xayr Tokio, assalom Parij!

Insoniyat 5 yil kutgan Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari oʻz yakuniga yetdi. Unda 206 delegatsiya vakillari qatori hamyurtlarimiz ham medallar uchun murosasiz kurash olib borishdi.

Musobaqa davomida unutilmas quvonch taqdim qilgan gʻalabalar qatori alamli magʻlubiyatlar ham boʻldi. Bu sport, unda gʻalaba va magʻlubiyat yonma-yon. Buni toʻgʻri qabul qilish kerak. Asosiysi, atletlarimiz oxirgi kuchlarigacha kurashishdi, yurtimiz shaʼnini mardlarcha himoya qilishdi. Bu Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi 3 ta oltin va 2 ta bronza medallarini jamgʻarib, umumjamoa hisobida 206 mamlakat orasida 32-oʻrinni egalladi. Osiyo davlatlari orasida Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Eron kabi yetakchi sport derjavalaridan keyin beshinchi, MDH mamlakatlari orasida Rossiya Olimpiya qoʻmitasidan keyin ikkinchi, turkiy davlatlar orasida va Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi boʻldik. Shubhasiz, bunday natija Yangi Oʻzbekiston uchun, yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi uchun munosib sovgʻa boʻladi.

Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida har bir sportchimizning ishtiroki haqida juda koʻp toʻxtalib oʻtish mumkin. Rekordchimiz Akbar Joʻrayev, Mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi eng yosh Olimpiada chempioni Ulugʻbek Rashitov, bayroqdorimiz, ismi jismiga mos Bahodir Jalolov, dzyudomizning bugungi yulduzi Davlat Bobonov, toʻyiga toʻyona qilgan Bekzod Abdurahmonov tillarda doston. Shuningdek, Oksana Chusovitina, Muattar Nabiyeva, Safina Sadullayeva, Tursunoy Rahimova, Olga Zabelinskaya, Nikita Rafalovich, Dilnoza Rahmatova, Zaynab Dayibekova kabi atletlarimizning ishtiroki, kuchlilar qatoriga kirgani va ularning shijoatini ham alohida aytib oʻtish mumkin.

Prezidentimiz doimo sportimiz rivoji haqida qaygʻurib kelgan, atletlarimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Biz bugun Tokioda erishgan yutuqlar ham Prezidentimiz va hukumatimiz eʼtiborining mevasi.

Ayni daqiqalarda Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarining tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtmoqda. Nasib qilsa, 3 yildan soʻng Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarida oʻzbek sportining Olimpiadalardagi zafarli yurishi davom etadi. Bunga Tokioda yoshlarimiz bizni ishontira olishdi. Unutilmas xotiralar uchun rahmat Tokio, yangi gʻalabalarimizni qarshi ol, Parij, deb qolamiz!

Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan delegatsiyamiz 9-avgust kuni soat 20:00 da maxsus charter reysi orqali yurtimizga yetib keladi.

Text to speech