Xalqaro Olimpiya kuni katta shodiyona bilan qarshi olindi

Yurtimizda har yili an’anaviy tarzda nishonlab kelinadigan Xalqaro Olimpiya kuni bu gal yangicha formatda qarshi olindi. “Olimpiya shaharchasi”da tashkil etilgan bayram yuzlab yurtdoshlarimizni bir gʻoya ostida birlashtirdi. Bu haqida rasmiylar ham alohida toʻxtalib oʻtishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili Odil Abduraxmanov:
“Barchangizni tinchlik elchisi, doʻstlik ha hamjihatlik ramzi boʻlgan Xalqaro Olimpiya kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Olimpiya harakati insoniyatning eng buyuk ma’naviy boyliklaridan biridir. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasiga shaxsan yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning rahbarlik qilayotganlari sportni rivojlantirish davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri ekanini koʻrsatadi. Olimpiya harakatini rivojlantirish mamlakatimizning ustuvor vazifalaridan biri boʻlib qoladi”.

Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov:
“Birinchi bor “Olimpiya shaharchasi”dagi mana shunday muhtasham binolar orasida ushbu bayramni nishonlayapmiz. Bugun farzandlari, nabiralari bilan kelgan barcha mehmonlarimizga alohida minnatdorchilik bildirib qolamiz. Shuningdek, Mexiko, Xyuston va Atlanta shaharlarida oʻtadigan muhim oʻyinlarga tayyorlanayotgan futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga omad tilaymiz”.

Oʻzbekiston MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov:
“Biz bu yilgi sport bayramini bugun muhtaram Prezidentimiz tomonidan barpo etilgan mana shunday go‘zal va betakror "Olimpiya shaharchasi"da katta shodiyona bilan o‘tkazmoqdamiz. Bu galgi Olimpiya kunini biz o‘zgacha formatda – barchamiz uchun qadrli bo‘lgan oilaviy sayl ko‘rinishida tashkil etdik. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – oilalarimizga quvonch ulashish, farzandlarimizni sportga oshno qilishdir. Sportni hayotingiz mazmuniga aylantiring. Barcha ishtirokchilarga omad, yuqori kayfiyat va unutilmas lahzalar tilayman. Xalqaro Olimpiya kuni hammamizga muborak bo‘lsin!”.

Tadbir davomida 1000 nafardan ortiq mehmonlar 13 ta sport turi bilan yaqindan tanishib, homiylarning esdalik sovgʻalariga ega boʻlishdi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun estradamiz yulduzlari ishtirokida konsert dasturlari namoyish etildi.

Text to speech