Otabek Umarov: “Har bir futbolchimiz bilan faxrlanamiz”

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtiroki kelgusida yangi gʻalabalar uchun katta tajriba maktabi boʻlishini bildirdi va yigitlarimizni qoʻllab-quvvatladi.

“Barchamiz har bir futbolchimiz va milliy terma jamoamiz bilan faxrlanamiz. Jahon chempionatidek nufuzli musobaqada Oʻzbekiston bayrogʻining hilpirashi, davlat madhiyamizning yangrashi va yurtimiz nomi butun dunyo eʼtiborida boʻlishiga ushbu jasur yigitlarimiz sababchi.

Terma jamoamizning jahon chempionatiga yoʻl olgani nafaqat oʻzbek futboli, balki Yangi Oʻzbekiston sportining ulkan yutugʻi sifatida tarixga muhrlandi. Bu natija mamlakatimizda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz samarasini berayotganini, Oʻzbekistonning xalqaro sport maydonida munosib oʻrin egallaganini yana bir bor tasdiqladi.

Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, terma jamoamizning oʻyinini hamyurtlarimiz qatori boshqa davlatlardan tashrif buyurgan muxlislar ham bevosita stadiondan turib tomosha qilishyapti, futbolchilarimizni qoʻllab-quvvatlashyapti. Qahramon yigitlarimizning oʻyinini butun dunyo koʻrmoqda va ular koʻplab muxlislarning qalbidan oʻrin olishmoqda.

Minglab vatandoshlarimiz qatori terma jamoamizni qoʻllab-quvvatlash uchun shu yerda ekanimizdan mamnunman. Ushbu ishtirok va orttirilayotgan tajriba kelajakda yanada katta zafarlar uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi. Bugun barchamizni bir maqsad – Vatan sharafi yoʻlida jipslashish ruhi birlashtirib turibdi. Keling, hal qiluvchi bahs oldidan futbolchilarimizga yanada koʻproq dalda boʻlaylik, ularni bor kuchimiz bilan qoʻllab-quvvatlaylik, terma jamoamizga omad va gʻalabalar tilaylik”.

Text to speech