Eldor Shomurodov: “Asosiy maqsad tartibli oʻyin namoyish etib, gʻalabaga erishish”
Futbol boʻyicha jahon chempionatining 3-turidan oʻrin olgan Kongo DR va Oʻzbekiston terma jamoalari oʻrtasidagi bahsdan avval jamoa bosh murabbiylari va sardorlari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda Fabio Kannavaro hamda Eldor Shomurodov quyidagi fikrlarni bildirib oʻtishdi:
Fabio Kannavaro:
“Kongo ham juda ajoyib jamoa, tajribaga ega, jismoniy yaxshi shakllangan jamoa. Biroq biz ularni yutish uchun harakat qilamiz. Ertaga oʻyin boshqacha boʻladi, chunki biz ikkita eng yuqori darajadagi raqiblar bilan oʻynab boʻldik. Oxirgi oʻyin ham oson kechmadi, uni tahlil qildik.
Birinchi bahsda Yusupov yaxshi oʻyin koʻrsatdi. Biz shunchaki boshqa darvozabonimizga ham imkoniyat berishni xohladik. Bizda yuqori darajadagi 3 ta darvozabonimiz bor.
Men barchaga imkoniyat berishga harakat qilyapman, chunki bu juda ham muhim tajriba hisoblanadi.
Biz Jahon chempionatida juda koʻp narsani oʻrganmoqdamiz. Biz bu turnirda jamoa sifatida oʻsishimiz mumkin. Chunki yuqori darajadagi raqiblarga qarshi oʻynab keldik. Ertangi bahs ham bizni rivojlanishimizga xizmat qiladi. Men ilk kunlardanoq futbolchilarga nisbatan bosimni yoʻqotishga harakat qilganman. Qur’adan keyin ham bosimsiz oʻynash kerakligini aytdim. Ertaga qoʻlimizdan kelgan barcha imkoniyatni amalga oshirib, gʻalaba qozonishga harakat qilamiz”.
Eldor Shomurodov:
“Asosiy maqsadimiz bizni qoʻllab turgan xalqimizni xursand qilish. Birinchi golimizni urdik, endi vazifamiz birinchi gʻalabaga erishish.
Himoyani ham unutmasligimiz kerak, gol urishga intilib orqa chiziqni unutamiz, degani emas. Birinchi navbatda gʻalabaga erishish muhim. Asosiy maqsad tartibli oʻyin namoyish etib, gʻalabaga erishish.
Muxlislarimiz kuch berib turdi, nafaqat stadiondagi balki Oʻzbekistondagi ishqibozlarimizning ham qoʻllab-quvvatlab turishlarini his qildik. Ularga albatta, minnatdorchilik bildiramiz va ularni keyingi oʻyinda xursand qilishga harakat qilamiz”.