Fabio Kannavaro: “Jahon chempionati yaqin ekan, har bir oʻyinning ahamiyati muhim”

Ertaga futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi FIFA Series turniri doirasida Gabonga qarshi bahs olib boradi. Bugun mazkur uchrashuv oldidan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda jamoamiz bosh murabbiyi Fabio Kannavaro OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berdi. Qisqacha:

– Bu oʻyinlar oʻrtoqlik oʻyini boʻlsa ham, ularda gʻalaba uchun maydonga tushamiz. Jahon chempionati yaqin ekan, har bir oʻyinning ahamiyati muhim.

– Jahon chempionatiga kim borishini hozirdan ayta olmaymiz. Barcha yigitlarni roʻyxatda saqlab, yakuniy tarkibni keyin hal qilamiz.

– Kengaytirilgan roʻyxatdan 55 futbolchi oʻrin olgan. Lekin ichki chempionat davomida futbolchilar oʻzlarini koʻrsatishiga qarab bu roʻyxat oʻzgarishi mumkin.

– Ikkala oʻyinda barcha yigitlarga imkoniyat beramiz. Ularning holatini toʻliq koʻra olishimiz kerak.

– Dubay yigʻinida juda koʻp oʻyinchilarni koʻzdan kechirdim. Unda barchalari bilan yakka tartibda suhbatlashdim ham. Ulardagi ishtiyoq meni xursand qildi.

– Barcha oʻyinchilarni kuzatib borib, chaqiruvga mos yigitlarni jalb qilganmiz. Shu paytgacha 5 ta darvozabonni koʻzdan kechirdik. Agar biz tanlovda xato qilgan boʻlsak, ularda oʻz oʻyinlari bilan bizni hayratga solishlari uchun vaqt bor.

– Asosiy xavotirim futbolchilarning darajasidan koʻra jismoniy holati bilan bogʻliq. Jahon chempionatidan oldin 2-3 hafta vaqtimiz boʻladi xolos. Maʼlumki, bu vaqtda ularning jismoniy holatini sezilarli darajada oshirish imkonsiz. Biz yanvardan beri shu jihatga eʼtibor qaratyapmiz.

Text to speech