Eldor Shomurodov: “Ertaga ijobiy natija qayd etishimizga umid qilaman”

Futbol boʻyicha jahon chempionati doirasida oʻtadigan Oʻzbekiston va Kolumbiya terma jamoalari oʻrtasidagi bahsdan avval matbuot anjumani tashkil etildi. Unda jamoamiz bosh murabbiysi Fabio Kannavaro va sardor Eldor Shomurodov qatnashib, OAV vakillarining qiziqtirgan savollariga javob berishdi. Jamoamiz vakillari toʻxtalib oʻtgan asosiy mavzular:

Fabio Kannavaro:
— Bu biz uchun ilk Jahon chempionati hisoblanadi. Ertaga barcha muxlislarimiz bizni tomosha qiladi, barcha futbolchilarimiz ertangi oʻyinga tayyor. Albatta, Husanov muhim himoyachilarimizdan bittasi. U hali yanada yuqori darajaga chiqish imkoniyati bor. U ayni paytda ham yuqori darajada oʻyinlar koʻrsatib kelmoqda. Oʻylaymanki, bu yerda eng yaxshi fazilatlarimizni, oʻzbeklarning mentalitetini namoyish qilishga kelganmiz. Men jamoa bilan ishlaganimda oʻz tajribamni ulashishga harakat qildim. Chunki men ham qachonlardir ilk bor jahon chempionatida debyut qilganman va oʻz tajribalarimni yetkazib boryapman.

Kolumbiya va Portugaliya kabi jamoalar yuqori darajadagi oʻyin namoyish etishadi. Ularning tarkibida kuchli futbolchilar bor. Ularga qarshi oʻyinda ehtiyotkorlik bilan oʻynaymiz. Biroq Kolumbiyada nafaqat Xames, balki koʻplab yaxshi darajadagi futbolchilari bor.

Kolumbiyani tahlil qildik, oxirigacha oʻynaydigan jamoa. Biz ham oʻz imkoniyatimizni namoyish etish uchun maydonga tushamiz.

OʻFA akademiyalarga, infratuzilmalarga juda ham koʻp e'tibor qaratmoqda. Mamlakatda futbol rivojlanib boryapti. Bu Oʻzbekiston uchun ilk jahon chempionati. Men unda jamoaning bosh murabbiysi sifatida ishtirok etayotganimdan xursandman.

Eldor Shomurodov:
— Hammani kayfiyati a'lo darajada, ilk bor Jahon chempionatida qatnashyapmiz. Hayajon bor, lekin hech qanday bosim yoʻq. Barcha futbolchilarimiz ushbu oʻyinni intiqlik bilan kutyapti.

Albatta uzoq kutilgan Jahon chempionatida terma jamoa sardori sifatida qatnashish men uchun katta gʻurur. Ertaga ijobiy natija qayd etishimizga umid qilaman. Xalqimizdan esa bizni qoʻllab-quvvatlashini soʻrab qolaman. Bizda bosim yoʻq, ertaga biz jamoamiz bilan birgalikda toʻliq tayyor boʻlamiz.

Text to speech