Diyora Keldiyorova: "Yil sportchisi bo‘lish bu yilgi maqsadlarimdan biri edi"
Dzyudo boʻyicha Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni Diyora Keldiyorova tarixiy natijasi bilan haqli ravishda “Milliy sport mukofoti-2024” taqdirlash marosimida yilning eng yaxshi ayol sportchisi deb topildi. Diyora bilan bu haqida kichik suhbat tashkil qilganimizda u joriy mukofotga ega chiqish asosiy maqsadlaridan boʻlganini, bir necha yildan beri ushbu nomga ega chiqish uchun harakat qilayotganini taʼkidladi.
– Bu mukofot Sizga qanday motivatsiya beradi?
– 3 yildan beri bu nomni qoʻlga kiritish uchun harakat qilayotgan edim. Bunday mukofotga sazovor boʻlish 2024-yilgi nasib qilgan ekan, bundan juda ham xursandman. Chunki oʻz yurtimizda yilning eng yaxshi sportchisi boʻlish biz atletlar uchun xuddi Olimpiadada gʻalaba qozongan bilan barobar. Sportchi yaxshi karyera qilgan boʻlsada, lekin oʻz Vatanida eng yaxshi boʻlish nasib qilmasligi ham mumkin. Endi bunga munosib boʻlib, yanada yaxshi natijalar koʻrsatishga harakat qilaman.
– Tadbirda qatnasha olmagan boʻlsangiz ham nimalarni his qildingiz?
– Baʼzi sabablarga koʻra taqdirlash marosimida ishtirok eta olmadim. Lekin tadbir shukuhini his qilib turdim. Yurtimizda juda koʻp iqtidorli sportchilar bor. Ular orasida men gʻalaba qozonganim faxrlanarli voqelik boʻldi. Bu yil oldimga qoʻygan maqsadlarimdan biri nafaqat Olimpiada chempionligi, balki ushbu nomga ega chiqish ham edi.
– Sizga IJF tomonidan oʻtkazilayotgan tanlovda ham eng yaxshi boʻlishingizni tilab qolamiz.
– Rahmat, buning uchun qoʻllab turgan barcha yurtdoshlarimizga cheksiz minnatdorchiligimni bildirib qolaman.