Hasanboy Do‘stmatov:"Mukofot manga berilgani bilan aslida barchamizniki deb bilaman"
Boks boʻyicha ikki karra Olimpiada chempioni Hasanboy Doʻsmatov “Milliy sport mukofoti-2024” tantanali taqdirlash marosimida yilning eng yaxshi erkak sportchisi deb topildi. Shubhasiz, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining har bir qahramonlari bu nomga loyiq. Bokschimizning oʻzi ham tadbirdan soʻng bu fikrni tasdiqladi.
– Eng yaxshi erkak sportchi nominatsiyasi uchun raqobat katta edi. Siz oʻzingiz bu nominatsiyada gʻolib boʻlishingizni kutganmidingiz?
– Bu nominatsiyaga nomzodim qoʻyilganini eshitganimdayoq juda ham xursand boʻldim. Toʻgʻrisi, shuncha nomzodlar orasida meni tanlashlarini kutmagan edim. Chunki bu nomga daʼvogarlar koʻpchilikni tashkil qilgan. Bu yil oʻzbekistonlik sportchilar oʻzlari ishtirok etgan asosiy musobaqalarda yuqori natijalarga erishdi. Mukofot menga berilgani bilan aslida barchamizniki deb bilaman. Bunga Parijdagi hamma qahramonlar haqli.
– Bu eʼtirof siz uchun nimani bildiradi?
– Bunday nom menga katta motivatsiya berdi. Endi hozirgi darajamni tushirib yuborishga haqqim yoʻq. Barcha yurtdoshlarimiz mendan har bir jangda gʻalaba kutadi va ular istagan chiroyli boksni koʻrsatib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishda davom etaman.
– 2025-yil uchun rejalaringiz qanday?
– Kelasi yil havaskorlar oʻrtasida jahon chempionati tashkil etiladi. Shuningdek, professional boks boʻyicha ham bir necha jang oʻtkazishni reja qilganman. Nasib qilsa, bularning barchasida gʻalaba qozonib, navbatdagi chempionliklarga erishishni oldimga maqsad qilib qoʻyganman.