Ruslan Nurudinov: “Oʻz rekordlarimni yangilash menga motivatsiya beradi”
Rio-2016 yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni Ruslan Nurudinov bir necha kun oldin Bahraynda boʻlib oʻtgan ogʻir atletika boʻyicha dunyo birinchiligida 3-yil avval oʻzi oʻrnatgan jahon rekordini yangilab, uch karra jahon chempionligiga erishgani oʻzbek sporti uchun muvaffaqiyatli oʻtgan 2024-yilga ajoyib yakun yasab berdi. Andijon oʻgʻlonining 33 yoshida oltin medallar bilan birga jahon rekordini yangilay olgani oʻzbek ogʻir atletikasi maktabi qanday kuchga ega ekanini yana bir karra koʻrsatdi. Polvonimizning avvalgi darajaga qanday qayta olgani bizni ham qiziqtirdi.
– Professional sport bilan shugʻullanganlar yaxshi biladiki, bu yoshda yuqori sport formaga qaytish juda murakkab. Ustozlarim bilan tinmay mehnat qildik va xudoga shukur yana oʻz vaznimda eng kuchli sportchiga aylandim. Orada kichik koʻngilsizlik ham boʻldi. Biroq yaqinlarimning qoʻllab-quvvatlashi bilan barchasi yengib oʻtildi.
– Sportchi erishish mumkin boʻlgan barcha natijalaringiz bor. Sizni sportda nima ushlab turibdi?
– Aytganingizdek, kolleksiyamda barcha musobaqalarning oltin medallari bor. Baʼzilarida rekordlar ham oʻrnatganman. Oʻzim oʻrnatgan rekordlarni yangilash ichimdagi olovni yoqib, katta motivatsiya beradi.
– Baʼzi sabablar bilan Tokio va Parijdagi Olimpiadalarni oʻtkazib yubordingiz. Bu juda katta psixologik qulashga olib kelishi mumkin. Siz oʻzingizni ruhan qanday tikladingiz?
– Ochigʻi, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining saralashidan keyin biroz tushkunlik boʻldi. Nazariy jihatdan bu yilgi Olimpiadada qatnashish imkoniyatim bor edi. Biroq buning uchun -102 kg vazn toifasiga qaytishim talab etilardi. Bu vaznga tushishim uchun koʻp vazn tashlashim kerak edi. Harakat qilib koʻrdim, ammo salomatligim bilan bogʻliq muammolar paydo boʻlgani uchun tavakkal qilmadik. Bu ham bir sinov va bundan faqat mehnat orqali muvaffaqiyatli oʻta oldim.
– Los-Anjeles-2028 ga ham tayyorgarlik koʻrasizmi? Ungacha shunday formada yetib borishingiz uchun nimalar kerak?
– Albatta, harakat qilib koʻraman. Buning uchun sportga ilmiy jihatdan koʻproq yondashish kerak. Zamonaviy sportda muvaffaqiyatning asosiy kaliti ilm-fan hisoblanadi. Metodika va tibbiyotni uygʻunlashtirib, toʻgʻri tayyorgarlik qilishimiz lozim. Shunda muhtaram Prezidentimiz oldimizga qoʻygan Los-Anjeles Olimpiadasida kuchli oʻntalikdan joy olish vazifasini uddalashimiz osonlashadi.