Muzaffarbek To‘raboyev: "Yangi Olimpiada siklida o‘z vaznimda qolaman"
7-8-dekabr kunlari Yaponiya poytaxtida dzyudo boʻyicha yilning eng soʻnggi musobaqasi – Tokio “Katta dubulgʻa” turniri boʻlib oʻtadi. Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF)ning rasmiy saytida hamyurtimiz, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari sovrindori Muzaffarbek Toʻraboyev +100 kg vazn toifasida roʻyxatdan oʻtkazilgan. Xoʻsh, Muzaffarbek endi boshqa vazn toifasida kurashadimi? Biz sportchimiz bilan bogʻlanib, bu savolga oydinlik kiritdik.
- IJF saytida siz Tokio “Katta dubulgʻa” turniri ishtirokchilari roʻyxatida turibsiz. Faqat yangi vazn toifasida. Haqiqatdan ham +100 kg toifasiga oʻtdingizmi?
- Ha, ushbu musobaqada yangi vaznda ishtirok etaman. 5-dekabr kuni uchib ketishni rejalashtirganmiz. Dasturga koʻra, 8-dekabr kuni tatamiga chiqaman. Koʻrsatilganidek, Tokioda +100 kg vazn toifasida kurashaman.
- Baʼzi mutaxassislar Sizni yangi siklda +100 kg da kurashadi deyapti. Shu toʻgʻrimi?
- Yoʻq, yangi siklda oʻzimni vaznim (-100 kg)da qolaman. Hozir vazn tashlamayotganim uchun +100 kgda oʻz imkoniyatimni sinab koʻrmoqchiman.
- Sizning sevimli usulingizni kelib chiqishi qanday? Oʻzingiz yoqtirib qoʻllashni boshlaganmisiz yoki kimdir sizga shu mos tushadi deb qoʻyib berganmi?
- Bu usulni vohamizning taniqli polvonlaridan boʻlgan otam oʻrgatgan. Murabbiyim Ulugʻbek aka Azizov bilan uni rivojlantirdik. Terma jamoa tarkibiga kirganimdan soʻng Nurali aka Qobulov va Ilias Iliadislar bilan usulni yanada ishlab, mana shunday koʻrinishga keltirdik. Uni mukammallashtirishda barcha murabbiylarning mehnati bor. Kuch – birlikda, deyilganidek, bunga ham koʻpchilikning birlashishi sabab boʻlgan.