Bahodir Jalolov: "Chempionlik jangiga tayyor turaman"
Bahodir Jalolov Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida havaskor boksdagi faoliyatiga chiroyli yakun yasadi. Ikki karra Olimpiada chempionligiga erishgan “Big Uzbek” endi bor eʼtiborini professional boksga qaratadi.
– Terma jamoada oʻrningizga kimni munosib nomzod deb bilasiz?
– Jamoamizda kuchli va iqtidorli yigitlar koʻp. Shaxsan oʻz fikrimni aytadigan boʻlsam, Jahongir Zokirov asosiy bokschiga aylansa kerak. Unda bu uchun barcha imkoniyat, kuch va texnika yetarlicha. Uning kelgusi Olimpiadada ham natija koʻrsatishiga ishonaman.
– Siz uchun professional boksda eng ogʻir vaznda qaysi yoʻnalish kamari nufuzliroq?
– Hamma kamarning oʻziga yarasha tarixi, nufuzi bor. Men uchun ular orasida WBC yoʻnalishi koʻproq qiziqish uygʻotadi. Chunki koʻp chempionlar yashil rangdagi shu kamarni orzu qilishgan. Shuning uchun WBC kamari nisbatan obroʻliroq tuyiladi.
– Professional boksda kamar qoʻlga kiritishingiz uchun qancha vaqt kerak deb oʻylaysiz?
– Hozir hech narsa deb boʻlmaydi. Menga chempionlik jangini berishsa, har qachon uni bajonidil qabul qilaman. Balki bu yaqin oylarda boʻlib ketar. Balki 1 yil yoki 2 yil talab etilar, bilmadim. Aytganimdek, vaqt boʻyicha hech narsa deb boʻlmaydi. Lekin men doim bunga tayyor turaman.