Ulug‘bek Rashitov: Kelgusi Olimpiya o‘yinlarida -80 kg vazn toifasida ishtirok etmoqchiman

Olimpiya oʻyinlarida oʻz nomini zarhal harflar bilan qoldirayotgan taekvondochimiz, ikki karra Olimpiada chempioni Ulugʻbek Rashitov yangi siklga yangi rejalar bilan qadam qoʻymoqda. Bugun uning bu boradagi maqsadlari haqida gaplashamiz.

– Ijtimoiy tarmoqda boshqa vazn toifasiga oʻtashingiz haqida ishora koʻrdik. Bu haqiqatmi? -80 kg vazn toifasiga oʻtadigan boʻlsangiz, u yerdagi raqobatni qanday koʻryapsiz? Oʻzbekiston terma jamoasining oʻzida bu vaznda kuchli yigitlar bor.
– Ha, bu rost. Kelgusi Olimpiya oʻyinlarida -80 kg vazn toifasida ishtirok etmoqchiman. Bu borada rejalarimiz bor. Dastlab -74 kg, soʻng -80 kg toifasiga koʻtarilib, reyting ochkolarini jamgʻarishga kirishaman. Bajonidil -68 kg vazn toifasida jang qilishni davom ettirgan boʻlardim, biroq endilikda koʻp miqdorda vazn tashlash salomatligim uchun ancha xavfli boʻlib qoladi. Yoshim bilan barobar vaznim ham yuqorilab bormoqda. Bu tabiiy jarayon. Albatta, oʻzimizda ham bu Olimpiya vaznida kuchli yigitlar yetarlicha. Avvalo, jahon miqyosiga koʻtarilish uchun ichki raqobatdan oʻtishim kerak.

– Kolleksiyangizda jahon chempionatining oltin medali uchun joy boʻsh qolmoqda. Uni qachon toʻldirish niyatidasiz?
– Birinchi imkoniyat boʻlishi bilanoq. Keyingi jahon chempionatimiz 2025-yil Xitoyda oʻtishi belgilangan. Shuning oʻzidayoq bu maqsadimni amalga oshirish uchun bor kuchimni ishga solaman.

– Bir necha yildan beri shugʻullanayotgan yosh sportchilarda natija birdan koʻrinmasligi mumkin. Ularga qanday maslahat bergan boʻlardingiz?
– Hech qachon mehnat qilishdan toʻxtamaslik kerak. Har bir magʻlubiyat sportchiga qaysidir maʼnoda saboq beradi. Undan toʻgʻri xulosa chiqara olgan, oʻzi ustida ishlaydigan, murabbiyi bilan raqiblariga toʻgʻri taktika qoʻya olgan sportchi, albatta, gʻalaba qozonadi. Mana shu yoʻnalishda kuchli jamoam va murabbiyim borligi mening katta yutugʻim.

Text to speech