G‘ulomjon Abdullayev: "Tokioda jarohat sabab o‘zimni yaxshi ko‘rsata olmagan edim"

Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘zbek erkin kurashi uchun esda qolarli lahzalarga boy bo‘ldi. E’tiboringizga -57 kg vazn toifasida O‘zbekiston delegatsiyasiga bronza medalini taqdim etgan G‘ulomjon Abdullayev bilan o‘tkazgan intervyumizni havola etamiz.

- Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham medalga yaxshi imkoniyat bor edi. Unda kerakli natijaga erishishga nima yetishmagandi?
- Tokioda qur’a natijalari e’lon qilinganidan keyin ko‘pchilik unday o‘ylamagan edi. Lekin murabbiylarimiz bilan yaxshi tayyorgarlik olib borganimiz uchun medalga juda yaqin keldim. Afsuski, rossiyalik sportchi (Zaur Uguyev)ga qarshi bellashuv yakuniga 8 soniya qolganida imkoniyatni boy berdim va u sportchi finalga yo‘llanma oldi. Men esa bronza medali uchun gilamga chiqadigan bo‘ldim. Uguyev bilan o‘tgan bahsning oxirgi soniyalarida men to‘pig‘imdan jarohat olgan edim, shu bilan bronza medali uchun bo‘lgan kurashda o‘zimni yaxshi ko‘rsata olmadim va imkoniyatni boy berdim.

- Parij-2024 ga qayerda tayyorlandiz? Qaysi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini muhim bo‘ldi?
- Parijda Olimpiadasi oldidan 3 ta o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazdik. Birinchisi Humsonda bo‘lib, unda asosan jismoniy tayyorgarlikka e’tibor berdik. Keyingi yig‘in Rossiyaning Kislovodsk shahrida o‘tkazildi. Unda ertalab gilamda kurashib, kechki payt jismoniy tayyorgarlik ustida ishladik. Asosiy e’tibor kurashga qaratildi, chunki u yerda bu borada mahoratli polvonlar juda k o‘p. So‘ngi yig‘in yana Humsonda bo‘lib, unda ham katta e’tibor kurash, shuningdek, taktika, texnika va vazn tashlashga qaratildi.

- Hozirda ba’zi sportchilar dam olishda. Ayrimlar mashg‘ulotlarga qayta boshlagan. Siz nima bilan bandsiz?
- Mashg‘ulotlarni boshlab yuborganimga ancha bo‘ldi. Ayni paytda Germaniyada klublar o‘rtasida o‘tkazilayotgan turnirda “Burghausen” klubi nomidan kurashyapman.

Text to speech