Svetlana Osipova: "Motivatsiyam - bugun kechagidan yaxshiroq bo‘lishim kerakligi"
Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan Svetlana Osipova o‘zbek taekvondochi qizlar orasida birinchi bo‘lib Olimp shohsupasiga ko‘tarilgan sportchi sifatida tarixda qoldi. Svetlana faoliyati davomida koʻplab yutuqlarga erishgan. Sportchimiz bu natijalar bilan to‘xtab qolmay, oldinga intilishda davom etmoqda. Biz jahon arenalarida o‘zbek qizlari nimalarga qodirligini ko‘rsatayotgan atletimiz bilan kichik intervyu qildik.
- Roppa-rosa 2 yil oldin davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun arafasida tarixiy jahon chempionligini qo‘lga kiritgan edingiz. Qolaversa, Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida ham delegatsiyamizga tarixiy medallardan birini keltirdigniz. Keling, o‘sha paytlardagi taassurotlaringizni yodga olib, ular bilan ulashsangiz.
- Har ikki musobaqadagi hissiyotlarimni so‘z bilan ifodalab berolmayman. Jamoamiz bilan sportimiz tarixida ayollar taekvondosida jahon chempionatlarida birinchi oltin va Olimpiadalardagi ilk medalni qo‘lga kiritishni uddaladik. Ushbu natijaga erishishim uchun yordam bergan davlatimiz, assotsiatsiyamiz, jamoam va oilamga minnatdorligimni bildiraman. Tokio-2020 Olimpiadasidan medal ololmaganimdan keyin Meksikadagi jahon chempionligi menga katta turtki boʻldi. Mehnat bilan barcha narsaning imkoni borligini tushunib yetganman.
- Olimpiadada yengil jarohat bilan ishtirok etganingiz haqida ko‘p aytgandingiz. Hozir salomatligingiz qanday?
- Ha, hozir hammasi yaxshi. Ayni paytda tiklanyapman, shuningdek, mashg‘ulotlar ham to‘xtab qolmagan.
- Sizda barcha musobaqalarning medali bor. Shunday bo‘lsa ham Sizni qanday motivatsiya yana dayanga chaqiryapti?
- Ha, menda hamma turnirlarning medali mavjud. Bu ajoyib natija va unda koʻpchilikning mehnati bor. Motivatsiyam esa, bugun kechagidan yaxshiroq bo‘lishim kerakligi. Bu men uchun eng muhim jihat. O‘zim misolimda barcha narsaning imkoni borligini ko‘rsatishni istayman. Har qanday vaziyat va sharoitda ham nimadir o‘rganish va nimagadir erishish kerak. Men qachondir o‘zgalarga o‘rnak bo‘la olayotganimni sezsam, shu menga motivatsiya beradi.