Abdumalik Xalokov: “Yengil janglar ortida ogʻir mehnat turibdi”

Abdumalik Xalokov yoshlar va kattalar oʻrtasida havaskor boksda barcha yirik musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritib boʻldi. Uning ringdagi oʻzgacha harakatlari nafaqat oʻzbekistonlik boks muxlislari, balki, dunyo sport ixlosmandlarida ham qiziqish uygʻotdi. Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida -57 kg vazn toifasida mutlaq tengsiz deb topilgan Abdumalik Xalokovga oʻzimizni qiziqtirgan ayrim savollar bilan yuzlandik.

- Parijdagi oltin medalni ustozingizga sovgʻa qilganingiz haqidagi video qoʻyilgan edi. Bu haqiqatmi?
- Ha, rost. Ustozimga medal sovgʻa qilganimning sababi ular ham biz bilan bir xil mehnat qildilar. Men uchun murabbiylar ham medalga loyiq. Shu bois bilan 1-oktyabr kuni ularga medalimni sovgʻa qilishga qaror qildim.

- Olimpiadada raqiblaringizdan yaqqol ustunlik qilganingiz uchun baʼzilar janglar yengil oʻtdi degan fikrda. Aslida ham shundaymi?
- Albatta, raqiblarim ustida ustozim juda koʻp ish qildilar va menga har bitta jangdan oldin taktika belgilab berdilar. Men qoʻyilgan vazifani bajara oldim va janglarim yengil oʻtganday tuyuldi hamma uchun. Lekin, buning uchun 12 yil mehnat qilganmiz. Jahon chempionatidan keyin Osiyo oʻyinlariga, Osiyo oʻyinlaridan soʻng Olimpiadaga tayyorlandik. Har bir raqibni birma-bir oʻrgandik. Shuning uchun koʻp janglarim oson tuyuldi, lekin ichimdan nimalar oʻtganini faqat oʻzim bilaman. Hamma narsaning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor. Biz ana shu qiyinchiliklardan oʻtib oldik va shunday natijalarga keldik. Yengil janglar ortida ogʻir mehnat turibdi.

- Yangi Olimpiada sikliga tayyorgarlik va undagi rejalaringiz bilan ulashsangiz.
- Bizga 2 oy dam berishdi. Chunki 4 yil tinmay mehnat qildik. 1 haftadan soʻng taʼtil tugaydi va biz mashgʻulotlarga qaytamiz, yangi gʻalabalar sari intilmamiz. Tarixga kirmoqchiman. Hozir yoshlar va kattalar oʻrtasidagi Olimpiada chempioniman. Endi yana bir karra Olimpiada chempioni boʻlmoqchiman. Bundan tashqari, parallel ravishda professional boksda ham bir nechta jang oʻtkazish rejam bor. Los-Anjelesdagi Olimpiadadan keyin toʻliq prof boksga oʻtib, hamma kamarlarni birlashtirmoqchiman va oʻz vaznimda mutlaq chempion boʻlish niyatim bor.

Text to speech