Eldor Shomurodov: “Biz kutgan bosqich boshlanmoqda”
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov ertaga boʻlib oʻtadigan KXDRga qarshi oʻyin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
“Biz kutgan eng asosiy bosqich boshlanmoqda. Bizni oldimizga qoʻygan maqsadimiz bor va uni amalga oshirish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Avvalgi sikllarda nisbatan yosh oʻyinchi boʻlganman. Unda jamoamizda tajribali futbolchilar koʻp edi. Hozirgi bosqich men uchun koʻproq muhim. Boisi oʻsha oʻyinchilar oʻrnida men turibman. Mendan koʻp narsa kutishmoqda va zimmamda katta yuk turganini bilib turibman. Avvalgi bosqichlarda toʻplangan tajriba asosida, yoʻl qoʻyilgan xatolardan xulosa chiqargan holda harakat qilamiz”,
– dedi terma jamoamiz sardori.
Eslatib oʻtamiz, JCh-2026 saralashining 3-bosqich, 1-turidan oʻrin olgan Oʻzbekiston – KXDR uchrashuvi ertaga 19:00 da “Bunyodkor” stadionida start oladi.