Elshod Rasulov: “Boʻlajak Olimpiya oʻyinlarida sportimiz tarixida yana bir sahifa ochishga harakat qilamiz”
Parij-2024 saralash sikli boks boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi uchun omadli oʻtdi, deyish mumkin. Zero, qizlarimiz jamoamiz tarixida ilk bor 4 ta yoʻllanma qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldilar. Xoʻsh, endi 4-yillikning eng nufuzli musobaqasiga tayyorgarlik qanday kechadi? Bu haqida ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Elshod Rasulovning fikrlari bilan boʻlishamiz.
– Maʼlumki, joriy Olimpiya oʻyinlarida ayollar oʻrtasida 6 ta vazn toifasida bahslar oʻtkaziladi. Terma jamoamiz 4 ta vaznda litsenziya qoʻlga kiritdi. Ochigʻi, maksimal darajada yoʻllanma olishga harakat qilgan edik. Ammo hayotda barchasi biz xohlagandek boʻlmaydi. Baribir, saralash siklidan koʻngil toʻldi, deyish mumkin. Bu biz uchun katta yutuq. Nega deganda, ayollar boksida kuchli sanalgan AQSH va Hindiston kabi jamoalar ham 4 tadan litsenziyaga ega chiqdi. Qoʻshni Qozogʻiston hamda Buyuk Britaniya jamoasi hisobida 3 ta yoʻllanma bor. Shu nuqtayi nazardan, natijamizdan koʻnglim toʻldi.
– Hozirgi kunda sportchilarning holati qanday?
– Nafaqat litsenziatlarimiz, balki terma jamoadagi barcha bokschilarimizning ahvoli yaxshi. Ertaga Rossiyaning Qozon shahrida start oladigan BRIKS oʻyinlarida 3 nafar litsenziatimiz Sabina Boboqulova, Nigina Oʻktamova hamda Sitora Turdibekova ishtirok etishadi. Bu orqali ularning tayyorgarligini koʻzdan kechirish reja qilingan.
– Tayyorgarlik doirasida xorij yigʻiniyam koʻzda tutilganmi?
– Yoʻq, xalqaro yigʻin rejaga kiritilmagan. BRIKS oʻyinlaridan keyin Yangioboddagi terma jamoa bazasida Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni davom ettiramiz. Rejamizga koʻra, oldinda 2 bosqichli oʻquv-mashgʻulot yigʻinidan soʻng jamoamiz bilan Parijga yoʻl olamiz.
– Boʻlajak Olimpiadadan nimalar kutyapsiz?
– Olimpiadaning uch karra ishtirokchisi sifatida ayta olamanki, u yerda omad koʻp narsani hal qiladi. Lekin men har bir shogirdimga ishonaman. Ular murosasiz janglarda bor imkoniyatlarini ishga solib, oʻzbek ayollar boksida yangi sahifa ochishga harakat qilishadi.