Abdumalik Xalokov: “Endi bor eʼtiborim faqat Olimpiadaning oltin medalida boʻladi”
Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Abdumalik Xalokov uchun bu yil muvaffaqiyatli oʻtdi. Iqtidorli bokschimiz Toshkentda oʻtgan jahon chempionati va Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida gʻalaba qozonish barobarida Parij-2024 Olimpiadasiga ham yoʻllanma qoʻlga kiritdi. Bu natijalarning mantiqiy davomi sifatida u kuni kecha oʻtgan “Milliy sport mukofoti-2023” tanlovida “Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” deb topildi. Quyida bokschimiz bilan yil sarhisobi boʻyicha tashkil qilgan kichik suhbatimizni eʼtiboringizga havola qilamiz:
– Ortda qolayotgan yil nimasi bilan yodda qolmoqda?
– 2023-yil men uchun juda ham omadli oʻtdi. Toshkentda oʻtgan jahon chempionati, Osiyo oʻyinlarida oldimga qoʻygan maqsadlarimni bajara oldim. Ushbu natijalarim evaziga “Yilning eng yaxshi erkak sportchisi” deb topildim. Shubhasiz, bunday sermahsullikdan keyin yilni omadli keldi, deyish mumkin.
– 2018-yil “Yilning eng yaxshi yosh sportchisi” deb tan olingan edingiz. Oʻshanda hali kattalar oʻrtasida ham eng yaxshi boʻlaman, degan maqsadni oldingizga qoʻygan boʻlsangiz kerak. Amalda bunga 5-yil vaqt ketdi. Endi reja qanday?
– Bularning barini murabbiylarim bilan qilayotgan mehnatlarimizning samarasi deb bilaman. Bu natijalar toʻgʻri yoʻldan ketayotganimizni koʻrsatmoqda. Davlatimiz tomonidan biz uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotgan ekan, bundan unumli foydalanishimiz kerak. Menimcha, shunday boʻlmoqda. Kuni kecha qoʻlga kiritgan yutugʻim endi butun boks olamida ham eng yaxshi boʻlishga motivatsiya berdi. Albatta, buning uchun yanada koʻproq mehnat qilishimiz talab etiladi.
– Kirib kelayotgan yangi 2024-yildan nimalar kutmoqdasiz?
– 2023-yildan ham muvaffaqiyatli oʻtishini. Shubhasiz, yangi Olimpiada yilida asosiy eʼtibor Parij-2024 ga qaratiladi. Murabbiylar shtabi bilan rejamizga koʻra, 4-yillikning eng nufuzli musobaqasigacha 1-2 ta turnirda qatnashib koʻraman. Yil davomida bor eʼtiborimiz, fikrimiz faqat Olimpiada oltin medali va bu yoʻlda tinimsiz mehnat qilish boʻladi.