Abbosbek Fayzullayev: “Qatardan nafaqat Olimpiada yoʻllanmasi, balki chempionlikni ham qoʻlga kiritib qaytamiz”
2024-yili Qatarda boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha U-23 Osiyo kubogiga oʻtgan haftada qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi Vyetnam, Quvayt va Malayziya jamoalari bilan “D” guruhidan oʻrin oldi. Quyida bosh murabbiy Timur Kapadze hamda jamoa yetakchilarining qurʼaga boʻlgan fikrlari bilan oʻrtoqlashamiz:
Timur Kapadze: “Qaysi guruhda kimlar bilan oʻrin olishimizni ancha kutgan edik. Bu bosqichga yetib kelgan barcha jamoalarni hurmat qilib aytamanki, guruhimizdagi raqiblar kuchli ham, kuchsiz ham emas. Kvartetda oʻrta darajadagi raqiblar yigʻildi. Vetnam Quvayt va Malayziyaga qaraganda ustunroq koʻrinar, lekin har bir raqib oʻziga yarasha kuchga ega. Barcha guruhga nazar tashlaydigan boʻlsak, ikkitadan kuchli va oʻrta darajadagi jamoalarni koʻrish mumkin. Eng asosiysi guruh bosqichidan keyin boshlanadi”.
Jasur Jaloliddinov: “Ochigʻini aytish kerak, guruh bosqichi bizga qulay raqiblarni taqdim qildi. Oʻyindan oʻyinga raqiblarning saviyasi va darajasi ortib boraveradi. Hammamiz muhim turnirga yaxshi tayyorgarlik koʻrib, oldimizga qoʻygan maqsadimizga yetishish uchun astoydil harakat qilamiz”.
Abbosbek Fayzullayev: “Yaxshi guruhga tushdik. Har bir terma jamoa oʻziga yarasha kuchli. Bizni oldinda muhim turnir kutib turibdi. Maqsadlarimiz juda yuqori. Xudo xohlasa, Qatardan nafaqat Olimpiada yoʻllanmasi, balki chempionlikni ham qoʻlga kiritib qaytamiz”.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yilning 15-aprel – 3-may kunlari oʻtadigan mazkur turnirda Parij-2024 Olimpiya oʻyinlarining yoʻllanmalari ham oʻynaladi. Musobaqada kuchli uchlikdan joy olgan jamoalar toʻgʻridan toʻgʻri Olimpiada ishtirokchisiga aylanishadi. Toʻrtinchi oʻrinni egallagan jamoa esa qitʼalararo oʻtish bosqichida Gvineya bilan soʻnggi yoʻllanma masalasini hal qiladi.