Ziyodaxon Abdusattorova: “Olimpiadalarda kamondan otish sportida yurtimiz sharafini birinchi boʻlib himoya qilish men uchun katta baxt”
Kamondan otish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Ziyodaxon Abdusattorova Tailandda oʻtgan Parij-2024 litsenzion turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimiz uchun tarixda mazkur sport turida birinchi Olimpiada yoʻllanmasini taqdim qildi. Bu natija bilan Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi qatnashadigan sport turlarining geografiyasi yana bittaga koʻpayadigan boʻldi. Quyida Tailanddan tarixiy natija bilan qaytgan sportchimizning musobaqa taassurotlari bilan oʻrtoqlashamiz:
– Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan oʻzbekistonlik birinchi kamonchi boʻlish taassurotlari qanday ekan?
– Olimpiadalarda kamondan otish sportida yurtimiz sharafini birinchi boʻlib himoya qilish men uchun katta baxt. Buning hissiyotlarini soʻz bilan taʼriflab bera olmayapman. Bu sportimiz, qolaversa, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi uchun juda muhim va quvonchli voqelik boʻldi. Ishonamanki, bunday yirik natijalar mamlakatimizda kamondan otish sporti yanada rivojlanishiga oz boʻlsa ham hissa qoʻshadi.
– Faoliyatingizdagi eng muhim oʻq uzish oldidan xayolingizdan nimalar oʻtdi?
– Men uchun barcha uzilgan oʻqlar juda muhim. Tailandda hal qiluvchi palladagi oʻq ulardan biri. Oʻq uzishdan oldin xayolim faqat qoq markazni nishonlash va qanday boʻlmasin, 10 ochkolik aylanani poylash edi. Buni uddalay olganimdan xursandman.
– Minimum vazifa bajarildi. Endi oldinga qoʻyilgan vazifa qanday?
– Oldimizda hali katta maqsadlar bor. Biz uchun litsenzion davr yakunlangani yoʻq. Kelasi yil jamoaviy yoʻnalishda ham Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritish va Parijdan medal bilan qaytish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.
– Olimpiadani qanday tasavvur qilyapsiz?
– Parij-2024 Olimpiadasini koʻtarinki ruhda oʻtadigan, yorqin xotiralarga toʻla, oʻz sportida dunyoning eng zoʻrlari bellashadigan, asosiysi, Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun chiroyli gʻalabalarga boy musobaqa boʻladi, deya tasavvur qilyapman.