Sharifa Davronova: “Osiyo oʻyinlarining oltin medali men uchun muhim edi”
Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Sharifa Davronova, shubhasiz, Xanchjou-2022 XIX yozgi Osiyo oʻyinlarining qahramonlaridan biri. Endigina 17 yoshni qarshi olgan sportchimiz uch hatlab sakrash dasturida oʻzidan ancha katta, xalqaro maydonda ulkan tajribaga ega raqibalari bilan munosib bellashib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Bu gal Sharifaning chempionlikka erishishi uchun 14.09 metr natija kifoya qildi. Eʼtiboringizga yosh chempionimiz bilan tashkil qilgan kichik suhbatimizni havola qilamiz:
– 2023-yil boshida yangi yilda oldingizga qoʻygan maqsadlaringiz haqida gapirganingizda Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida gʻalaba qozonish va 15 metrlik marrani zabt etishni niyat qilganingizni aytgan edingiz. “Osiyo Olimpiadasi”ning chempionligi naqd qilindi. 15 metrli natijaga erishish uchun nimalar qilmoqdasiz?
– Maqsadlardan eng asosiysini bajara oldim. Osiyo oʻyinlarining oltin medali men uchun juda muhim edi. Afsuski, yoz faslining boshida jarohat olganimdan keyin mashgʻulotlardagi rejalar butunlay oʻzgarib ketdi. Shu bois, 15 metrli marrani zabt etish biroz keyinroqqa qolmoqda. Hozir bu yoʻlda murabbiyim bilan ishlayapmiz.
– Oʻsha jarohatingiz jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashishga toʻsqinlik qildi. Osiyo oʻyinlarida ham u oʻz taʼsirini koʻrsatmadimi?
– Yoʻq, taʼsiri boʻlmadi. Jarohat jahon chempionatida ancha pand bergan edi. Osiyo oʻyinlariga yuqori sport formasida yetib keldim. Shu bois unda kerakli natijani koʻrsata oldim.
– Osiyo oʻyinlari davomida uzunlikka sakrash dasturida ham qatnashdingiz. Bu salbiy taʼsir oʻtkazmadimi?
– Aksincha, foyda boʻlib xizmat qildi deyish mumkin. Ochigʻi, uzunlikka sakrash dasturi men uchun asosiy boʻlgan uch hatlab sakrash yoʻnalishiga munosib tayyorgarlik boʻlib xizmat qildi. Uzunlikka sakrash asosiy dasturim boʻlmagani uchun unda maksimal darajada harakat qilmadim. Bu esa uch hatlab sakrashdagi chiqishimda katta yordam berdi.
– Yil yakunigacha qanday rejalar bor?
– Qisqa dam olishdan soʻng yana mashgʻulotlarni boshladik. Bizda yil yakunigacha musobaqalar yoʻq. Kelasi yil boshida yopiq inshootlardagi Osiyo va jahon chempionati bor. Hozir murabbiyim bilan shunga tayyorgarlik olib boryapmiz. Nasib qilsa, ularda Olimpiada normativini bajarishga harakat qilaman.