Svetlana Osipova: “Taekvondoga boʻlgan eʼtibor yanada kuchaydi”
Bu yil koʻplab sport turlari qatori taekvondochilarimiz uchun ham omadli oʻtdi. Yil boshida oʻtgan mintaqaviy ochiq turnirlar, Osiyo chempionati, Konya-2021 Islom birdamligi oʻyinlari va jahon chempionatida ulkan natijalar qayd etildi. Yuqoridagi musobaqalarning deyarli barchasida chempionlikka erishgan Svetlana Osipova “Milliy sport mukofoti-2022” tadbirida “Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” deb topildi. Umid qilamizki, ushbu nomga loyiq koʻrilgan atlet bilan tashkil etilgan intervyu Sizni befarq qoldirmaydi. Osipovaning yil yakunlari va 2023-yil oldiga qoʻygan maqsadlari mavzusida tashkil etilgan suhbatni eʼtiboringizga havola etamiz:
– 2022-yil uchun tuzgan rejalaringiz qanchalik amalga oshdi? “Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” boʻlishingizni kutganmidingiz?
– Bu yil men uchun ajoyib oʻtdi. Boisi oʻzim ishtirok etgan deyarli barcha musobaqada shohsupaga koʻtarildim. “Milliy sport mukofoti” tadbirida koʻp bor mehmon sifatida ishtirok etganman. Har doim men ham qachondir shu tadbirda “Yilning eng yaxshi sportchisi” nominatsiyasida gʻalaba qozonarmikan deb oʻylar edim. Ammo bu gʻalaba bunchalik tez kelishini kutmagan edim, toʻgʻrisi. Bu men uchun katta xursandchilik taqdim qilish bilan birga, ulkan masʼuliyat ham yuklaydi. Kelgusida bu ishonchni oqlashga vaʼda beraman.
– Oʻzbek taekvondosining soʻnggi yillarda oʻsib borayotgani nimalar bilan bogʻliq deb oʻylaysiz?
– Taekvondoga boʻlgan eʼtibor oxirgi yillarda yanada kuchaydi. Terma jamoamiz qoʻlga kiritayotgan yuqori natijalar bizga qaratilayotgan eʼtiborga bogʻliq. Yil davomida muntazam ravishda oʻquv-mashgʻulot yigʻinida boʻlamiz. Biz ishtirok etadigan xorijiy musobaqalar soni ham oshdi. Bu esa xalqaro maydonda ham ulkan tajriba toʻplashga yordam beradi. Qolaversa, kuchli seleksiya natijasida terma jamoadagi ichki raqobat ham oʻsdi. Bu ham biz erishayotgan yutuqlarning yana bir omili deya olaman.
– 2023-yilning muhim startlaridan biri shubhasiz Osiyo oʻyinlari. 2018-yilgi qitʼa Olimpiadasida juda yosh boʻlishingizga qaramay bronza medalini qoʻlga kiritgan edingiz. Hozirga kelib ancha tajribangiz oshdi. Bu galgi raqiblar haqida nima deya olasiz?
– Shubhasiz, 2023-yil bizni kutib turgan eng asosiy musobaqalardan biri bu Osiyo oʻyinlari. Unda ham Parij-2024 Olimpiadasi uchun qimmatli reyting ochkolari oʻynaladi. 2018-yil Indoneziyadagi musobaqada kattalar toifasiga endi qadam qoʻya boshlagan paytim edi. Shunga qaramay, bronza medalini qoʻlga kiritganman. Oʻshanda shohsupadan Koreya Respublikasi, Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Xitoy terma jamoasi vakillari joy olishgan edi. Raqibalarimning imkoniyatlaridan kelib chiqib, Xanchjouda ham shohsupada ushbu mamlakat vakillari boʻlishini taxmin qilyapman. Albatta, bunda eng yuqori pogʻonaga koʻtarilishim uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.
– Sizga Olimpiya vazn toifasida kechadigan bellashuvlarda -73 kg dagi raqiblar koʻproq noqulaymi yoki +73 dagilarmi?
– Toʻgʻri, Olimpiya oʻyinlari va Gran-prilarda har ikki toifa birlashtirilib, +67 kg vazn deb yuritiladi. Bunda -73 va +73 kg vazn toifalaridagi sportchilar oʻzaro jang qilishadi. Har ikki yoʻnalishning ham alohida kuchli tomoni bor. -73 kgdagi sportchilar nisbatan tezroq ishlashadi, ularning “arsenali”dagi zarbalari ham koʻproq boʻladi. +73 kg vakillarida tezlik past boʻlsa ham, ular vazn toifasidagi ustunlikka ega. Koʻpchiligi 80 kg va undan yuqori vaznga ega. Ular bilan ishlash ham oʻziga yarasha qiyin. Shu bois, murakkablik jihatdan birini tanlay olmayman.
– Yangi yildan nimalar kutmoqdasiz?
– Asosiysi, oilam, yaqinlarim va barchamiz sogʻ-salomat boʻlaylik. Yangi yilda ham bu yilgidan kam boʻlmagan natijalar, yangi gʻalabalar kutib qolaman. 2023-yil faoliyatimda oʻziga xos xotiralar bilan eslanadigan yil boʻlishini istayman.