Elshod Rasulov: “Osiyo chempionatiga har tomonlama tayyor bo‘lgan bokschini tanlab olamiz”
30 oktyabr – 12 noyabr kunlari Iordaniyada boks bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda O‘zbekiston terma jamoasi vakillari mazkur nufuzli musobaqaga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Musobaqada so‘nggi paytda ulkan yutuqlarga erishayotgan bokschi qizlarimizdan ham umid katta. Bu borada terma jamoa bosh murabbiyi Elshod Rasulovning muhim start oldidan fikrlari bilan o‘rtoqlashamiz:
– Osiyo chempionatiga tayyorgarlik qanday o‘tmoqda?
– Iordaniyada o‘tkaziladigan qit’a birinchiligiga tayyorgarlik yaxshi davom etmoqda. Ayni paytda tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini olib boryapmiz. O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini poytaxtimizda, O‘zbekiston boks federatsiyasi bazasida o‘tkazilmoqda.
– Iordaniyaga boradigan yakuniy tarkibni aniqlab oldingizmi?
– Hozircha yakuniy tarkib aniq emas. Qit’a birinchiligida 10 ta vazn toifasida ishtirok etamiz. -81 kg hamda +81 kg vazn toifasidagi qizlarimiz ba’zi sabablarga ko‘ra musobaqada qatnashishmaydi. -48, -50, -52, -54, -57, -60, -63, -66, -70, -75 kg vazn toifalarida bokschi qizlarimiz Osiyo chempionatida medallar uchun kurashishadi.
– Tarkib nima asosida shakllantiriladi?
– Asosiy tarkibda 20 nafar qizimiz bor. Ular o‘z vaznlarida O‘zbekistonda 1 va 2-raqamli bokschi hisoblanishadi. Tayyorgarlikdan qaysi sportchilarimiz muvaffaqiyatli o‘tsa, kim ruhan va jismonan tayyor bo‘lsa, murabbiylar shtabi bilan birgalikda aynan o‘shalarni chempionatga tanlab olamiz.
– Asosiy raqib sifatida qaysi mamlakat bokschilari kutilmoqda? Xitoy ham katta tanaffusdan so‘ng Osiyo chempionatida qatnashishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.
– Yaxshi bilasiz, Osiyoda ayollar bokschi yaxshigina rivojlangan va kuchli jamoalar ko‘p. Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Yaponiya, Koreya, Tailand, Xitoy Taipeyi kabi mamlakat qizlari biz uchun asosiy raqib hisoblanishadi.