Ruslan Mustayev: “Gimnastikachilarimiz – ko‘plab chig‘iriqlardan o‘tgan iqtidor egalari”
15-17 aprel kunlari Toshkent badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogining navbatdagi bosqichiga mezbonlik qildi. Musobaqada yakkalik va guruh mashqlari bo‘yicha ham ko‘pkurash, ham alohida dasturlarda medallar jamlanmasi o‘ynaldi. Murakkab turnirdagi qizlarimiz ishtiroki mutaxassislar nigohida qanday taassurot qoldirdi? Bu haqida O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Xalqaro gimnastika federatsiyasi konsuli Ruslan Mustayev bilan tayyorlangan suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz:
– Gimnastikachilarimiz juda yaxshi natija ko‘rsatishdi. Qizlarimiz O‘zbekiston tarixida ilk bor Jahon kubogi bosqichida 7 ta medal qo‘lga kiritdi, shundan 4 tasi oltinligi quvonchimizni yanada oshiradi. Albatta, buning ortida murabbiylar shtabi va sportchilarning ulkan mehnati turibdi. O‘tgan yildan buyon kattalar o‘rtasidagi bahslarda qatnashayotgan Taxmina Ikromova ko‘pkurash, halqa va bulava bilan mashq bajarishda tengsiz deb topildi. Shuningdek, tasma bilan bajarilgan mashq yakunida bronza medaliga ham ega chiqdi. Umumiy hisobda 4 ta medal qo‘lga kiritgan vakilamiz bir necha tajribali sportchilarni ortda qoldirdi. Xalqaro maydonda debyut qilgan jamoamizning guruh mashqlaridagi mutlaqo yangi tarkibi ham bizni oltin va kumush medallar bilan xursand qildi. Bu kelajak uchun juda katta umidlarni taqdim etadi! Menimcha, o‘zbek gimnastikachilarining chiqishi juda munosib bo‘ldi.
– Sabina Tashkenbayevaning ishtiroki haqida nima deya olasiz?
– Sabina tabiatan jangchi xarakteriga ega. Ha, jahon kubogining so‘nggi bosqichi natijalariga ko‘ra u shohsupaga ko‘tara olmadi, boisi u xatolarga yo‘l qo‘ydi. Hayajon va tayyorgarlik jarayonidagi kamchiliklar ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, sportda hamma narsa bo‘ladi, yuqorilash va pasayish, g‘alaba va mag‘lubiyat... Ammo Tashkenbayeva muvaffaqiyatsizliklardan keyin tushkunlikka tushib qolmasligi va irodali qiz ekanini bir necha bor isbotladi. O‘ylaymanki, endi u o‘z ishtirokini tahlil qiladi, xulosa chiqaradi, o‘z ustida ishlashda davom etadi va maqsadiga erishadi. Va biz, har doimgidek, uni qo‘llab-quvvatlaymiz.
– Jahon kubogidagi natijalar qizlarimizni qanchalik ruhlantirdi?
– Shubhasiz, muvaffaqiyat doimo ilhomlantiradi, bu sportchilar uchun juda muhim. Qizlar hozir juda g‘ayratli, ammo o‘z vaqtida “yerga tushish” juda muhimdir. G‘alabalar o‘tmishda qoladi va oldinda yangi marralar va ular uchun munosib tayyorgarlik kerak. Yutuqlar bevosita sportchilarning xarakteri va hissiy holatiga bog‘liq.
– Parij-2024 Olimpiadasida gimnastikachilarimizning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
– Birinchi navbatda, yangi jamoaning guruh mashqlaridagi imkoniyatini ko‘rib chiqdik. Bizning gimnastikachilarimiz juda iste’dodli va ularning oldida qiyin vazifa turibdi. Zero, terma jamoadan joy olishga da’vogarlar ko‘p. Sportchilarimiz har doim va barcha musobaqada g‘olib bo‘lish maqsadi bilan yashashi lozim, bu fazilat ularga juda ham zarur. Hozir ular litsenzion turnirlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Ungacha esa bir qancha muhim turnirlar, jumladan, litsenziyaga da’vogarlarni aniqlab berishi kutilayotgan Osiyo chempionati ham bor. Gimnastikachilarni tayyorlash ustida murabbiylar, shifokorlar, fizioterapevtlar, psixologlar, xoreograflardan iborat katta jamoa ishlamoqda. Parij uchun tarkibni tanlash juda murakkab, oldimizda bir necha bosqichlar bor. Aytganimdek, gimnastikachilarimiz shu yilning kuzida Bolgariyaning Sofiya shahrida bo‘lib o‘tadigan litsenzion jahon chempionatida ishtirok etadi. Vakilalarimiz dunyoning eng kuchli sportchilari bilan bellashishiga to‘g‘ri keladi.
– Milliy terma jamoamizni oldinda yana qanday musobaqalar kutmoqda?
– Toshkentdagi Jahon kubogi bahslari yakunlangach, sportchilarimiz darhol Ozarbayjonda o‘tgan navbatdagi bosqichiga yo‘l olishdi. Endi Pesaro (Italiya) shahrida ushbu seriyaning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tadi. Iyun oyida Pattayya (Tailand) tashkil etiladigan Osiyo chempionatida ishtirok etamiz. Albatta, biz Turkiyada bo‘lib o‘tadigan V Islom birdamlik o‘yinlari va Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ham qatnashish rejamiz bor. Bu o‘yinlarda gimnastikachilar musobaqa tarixida birinchi marta guruh mashqlarida ishtirok etadilar. Avvallari sportchilar faqat individual mashqlarda qatnashardi. Shuningdek, Bolgariyada o‘tadigan litsenzion jahon chempionati ham juda muhim.