Aleksandr Kim: "Taekvondochilarimiz iyun oyida uchta nufuzli xalqaro musobaqada ishtirok etishadi"
O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi murabbiyi Aleksandr Kim Toshkentdagi yig‘in va bo‘lajak rejalar haqida O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga intervyu berdi. Quyida taekvondochilarimizni oldinda qanday musobaqalar kutayotgani va jamoa rejalari haqida tayyorlangan suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz:
- Aleksandr Anatolevich, dastlab Toshkentda o‘tayotgan yig‘in haqida ma’lumot bersangiz...
- 4 apreldan Toshkentda navbatdagi yig‘inni boshladik. Barcha sportchilar sog‘-salomat va mashg‘ulotlarda qatnashishmoqda. 15 apreldan ushbu yig‘in xalqaro maqomni olishi kutilmoqda.
- Qanday qilib?
- Sababi Toshkentga Gruziya va Xitoy Taipeyi taekvondo terma jamoalari kelishi rejalashtirilgan. Agar kelishuv amalga oshsa, Toshkentda uchta terma jamoa birga xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi.
- Mazkur yig‘inda aynan qanday mashg‘ulotlarga urg‘u berilmoqda?
- Bu yig‘inda sportchilarimizning jismoniy holatini ushlab turish maqsadida umumjismoniy tayyorgarlik va maxsus jismoniy tayyorgarlikka urg‘u bermoqdamiz. Yaqinda bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada qatnashgan taekvondochilarning kamchiliklarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
- Taekvondochilarimiz oldida turgan navbatdagi musobaqalar qaysi?
- Terma jamoamiz iyun oyida uchta xalqaro musobaqada ishtirok etishi kutilmoqda. Ulardan birinchisi Olimpiya reytingidagi eng kuchli 32 nafar sportchi ishtirok etadigan dastlabki Gran-pri. Ushbu musobaqa 3-5 iyun kunlari Italiyaning Rim shahrida bo‘lib o‘tadi. 24-27 iyun kunlari Janubiy Koreyada taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi. 27 iyun kuni Xitoyda Butunjahon Universiada bahslari boshlanadi. Hozirda tayyogarliklar ushbu startlarga qaratilgan.