Svetlana Osipova: “Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlarida nimalarga qodir ekanligimizni koʻrsatamiz”

Xabaringiz bor, shu kunlarda Eron poytaxtida taekvondo WT boʻyicha bir qator yirik xalqaro turnirlar boʻlib oʻtmoqda. Ushbu startlarda terma jamoamiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Misol uchun, oʻtkazilgan 3 ta nufuzli musobaqa yakunlariga koʻra, taniqli sportchimiz, Tokio-2020 ishtirokchisi Svetlana Osipova delegatsiyamiz gʻaznasini 3 ta medal bilan toʻldirdi. Dastlab 4-5-mart kunlari Tehronda oʻtgan klublar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida Osipova kuchli uchlikka kirdi. Soʻngra 6-9-mart kunlari anʼanaviy “Fajr” ochiq turnirida shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. Shuningdek, qahramonimiz “Osiyo taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi” musobaqasi doirasida ham barcha raqiblarini magʻlub etib, yana bir bor chempionlik nashidasini surdi.

Joriy mavsumning ilk musobaqalaridanoq oʻzbek sporti muxlislarini oʻz yutuqlari bilan xursand qilgan Svetlana Osipova bilan bogʻlanib, uning taassurotlari va rejalari haqidagi suhbat tashkil qildik.

– Salom Svetlana! Avvalo, sizni nufuzli musobaqalardagi yuqori natijalaringiz bilan tabriklaymiz.

- Salom, rahmat!

– Keling, avval oʻtgan mavsumga nazar tashlaymiz. 2021-yilni qanday eslaysiz?

– 2021-yilda qatnashgan asosiy musobaqalarimdan biri Tokio-2020 Olimpiadasi boʻldi. Ochigʻi, oʻtgan yil men uchun biroz omadsiz boshlandi. Chunki yilning boshlarida oyogʻimni sindi. Men bundan bexabar, oyogʻimdagi ogʻriqni oddiy holat deb mashgʻulotlarni davom ettirdim. Aslida nima boʻlganini mart oyida, vaziyat yomonlashganida bildim va bu keyinchalik katta taʼsir oʻtkazdi. Ammo shunga qaramay, Olimpiya oʻyinlariga litsenziyani qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldim. Afsuski, toʻrt yillikning asosiy musobaqasida oʻz salohiyatimni toʻla koʻrsata olmadim, 100 foizlik natija bera olmadim. Sportchining asosiy maqsadi va orzularidan biri Olimpiada. Mening orzuim amalga oshdi, lekin toʻliq emas.

– Qisqa dam olishdan soʻng taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi mashgʻulotlarga kirishdi. Tayyorgarlik qisqa vaqt ichida bir nechta bosqichlarga ulanib ketdi. Boisi, oldinda jamoa reyting ochkolari oʻynaladigan nufuzli turnirlarda ishtirok etishi kutilgandi. Qaysi musobaqa siz uchun muhimroq boʻlganini ayta olasizmi?

– Ha, bu yil biz uchun fevral oyining boshida BAAning Fujayra shahrida oʻtgan musobaqa bilan boshlandi. Unda men oltin medal bilan birga reyting uchun qimmatli 20 ochko qoʻlga kiritdim. Tehronda oʻtkazilayotgan ushbu musobaqalarda “Turnirning eng yaxshi sportchisi” nomiga ham sazovor boʻldim. Taekvondodagi tizimga koʻra, bir yil davomida oʻtadigan ochiq chempionatlar orqali maksimum 40 ball toʻplashingiz mumkin. Maʼlum boʻlmoqdaki, soʻnggi 2 oy ichida maksimal ochkolarimni qoʻlga kiritib boʻldim va “Osiyo federatsiyasi prezidenti kubogi” bilan yana 20 ball jamgʻardim. Yil boshida oʻz vazn toifamdagi reytingda 26-oʻrinda edim. Endi esa soʻnggi musobaqalarda qoʻlga kiritgan gʻalabalarim bilan taxminan 11-12-oʻrinlarga koʻtarilaman.

– Kuni kecha nufuzli xalqaro musobaqalarda yana bir oltin medalni qoʻlga kiritdingiz. Ushbu turnirlarni qanday taʼriflagan boʻlardingiz?

– Bu yil oʻtkazilgan 4 ta turnirning barchasida men oʻrgangan eng muhim jihat bu dayanda oʻzimni idrok etishimdir. Maʼlumki, Olimpiadadan keyin ham, Olimpiada oldidan ham karantin tufayli bir qator xalqaro musobaqalar tashkil etilmadi. Oʻtkazgan janglarim davomida kurash va raqobat ruhi, murabbiyning qoʻllab-quvvatlashini his qila oldim. Bu omillarning barchasi keyingi yirik musobaqamiz hisoblanmish Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrishimizda juda zarur.

– Oldingi musobaqalar bilan solishtirganda, raqiblaringizning tayyorgarlik darajasi sezilarlimi yoki aksincha? Va ularning qaysi biri sizning vazn toifangizda jiddiyroq raqobat tugʻdirdi?
– Reytingda boʻlmasa ham, mashgʻulotlarda yaxshi ishlamasa ham hech qachon raqibni kamsitmaslik kerak. Siz koʻrgan mashgʻulot va dayandagi musobaqa butunlay boshqa narsa. Yana psixologik tayyorgarlik juda muhim. Hatto eng kuchli sportchi, jahon va Olimpiada chempionlarida ham shunday burilish nuqtalari boʻlishi mumkinki, ularni yengib oʻtish kerak. Turli darajadagi sportchilar ishtirok etadigan bunday xalqaro musobaqalarda siz oʻzingizni bellashuvlardan oldin jilovlay olishingiz kerak.

– Oldinda, albatta, Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari turibdi. Unga ham tinimsiz tayyorgarlik ketmoqda. Bu yilgi Osiyo oʻyinlaridan nima kutyapsiz?
– 2018-yil Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida ham qatnashganman. Oʻshanda kattalar oʻrtasidagi musobaqalarda birinchi chiqishim boʻldi. Ungacha oʻsmirlar va yoshlar toifasidagi musobaqalarda qatnashganman. Jakartadagi start esa men uchun faoliyatimda yuqori saviyadagi ilk yirik musobaqa boʻldi. Bu juda hayajonli. Ammo qoʻrquvni yengib, yakunda bronza medalini qoʻlga kiritdim. Keyin Osiyo oʻyinlari yarim finalida toʻqnash kelgan qozogʻistonlik raqibam bilan Olimpiya oʻyinlarida ham roʻbaroʻ keldim va 9:10 hisobida imkoniyatni boy berdim. Boʻlajak Osiyo oʻyinlarida undan revansh olishga harakat qilaman. Xanchjou-2022 nafaqat men uchun, balki butun jamoamiz uchun juda muhim. Maqsadimiz nimalarga qodir ekanimizni koʻrsatish. Biz hammamiz buning uchun astoydil mehnat qilamiz. Va, albatta, oʻz natijalarimizni oshirib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy olamiz.

– Kelajak uchun rejalar qanday? Faoliyatingizdagi eng katta orzuingiz haqida ham ulashsangiz.
– Mening orzuim - kuchli raqiblarga qarshi bahslashish va ularni yutganimdan xursand boʻlish. Albatta, bu eng katta musobaqalarda boʻlishi kerak. Ushbu turnirlarda chempionlik taʼmini his etish, oʻzimdagi his-tuygʻularni yengib, fikrlarimni nazorat qila olishni istayman. Buning uchun asosiy musobaqalarda maksimal natijaga erishish, ularga nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham tayyor boʻlish kerak.

Text to speech