Olimjon Hikmatov: "Asosiy vazifa - Osiyo o‘yinlariga kuchli tarkib bilan borish!"
Ertaga Turkiyaning Istanbul shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha reyting turniri boshlanadi. Ushbu musobaqaning har uchala yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi ham asosiy tarkibda ishtirok etadi. Bugun yunon-rum va ayollar kurashi terma jamoamiz Turkiyaga jo‘nab ketgan bo‘lsa, ertaga erkin kurashchilarimiz ham Istanbulga yo‘l oladilar. Olimjon Hikmatov murabbiyligidagi erkin kurashchilarimiz Toshkent viloyatining Dukent shaharchasidagi "Yangiobod" sport majmuasida bo‘lajak turnirga so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazishdi. E’tiboringizga O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi matbuot xizmati tomonidan musobaqa oldidan ushbu murabbiy bilan tashkil etilgan suhbatni havola qilamiz:
- Olimjon aka, Istanbuldagi reyting turniriga tayyorgarlikdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Dukentda tashkil etilgan ikki haftalik o‘quv-mashg‘ulot yig‘inimiz ko‘ngildagidek o‘tdi deya olaman. Avvaldan belgilab olingan rejamiz bo‘yicha kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarni o‘tkazdik. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inida kengaytirilgan tarkibdagi kurashchilarimiz ishtirok etdi. Tog‘li hududdagi mashg‘ulotlarimizda asosiy e’tibor sparring, jismoniy tayyorgarlik, chidamkorlikka qaratildi.
- Turkiyadagi reyting turniriga boradigan tarkibni aniqlab olish siz uchun qiyin bo‘lmadimi?
- Dekabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatining 6 ta Olimpiya vazn toifasida chempion bo‘lgan kurashchilar haqli ravishda Turkiyaga ketyapti. 125 kg vaznda ikki kurashchimiz Istanbuldagi musobaqada qatnashadi. Sardor Xolmatov O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. 13 fevral kuni ushbu vazndagi yetakchimiz Hasanboy Rahimovning ikki yillik diskvalifikatsiya muddati yakunlandi va u endi bemalol ichki va xalqaro musobaqalarda ishtirok eta oladi. Bu vaznda ikki kurashchimizdan qay biri yaxshiroq natija ko‘rsatsa, bir yarim oydan so‘ng o‘tkaziladigan Osiyo chempionatida yurtimiz sharafini himoya qiladi.
- 65 kg vaznda Turkiyadagi reyting turnirida bir yo‘la 3 nafar kurashchimiz gilamga chiqar ekan. Buning sababini qanday izohlaysiz?
- Bu vazn bizda ancha raqobatbardosh hisoblanadi. Birinchi bo‘lish uchun da’vogarlar yetarli. Shu boisdan ham ularning hammasiga ham imkoniyat taqdim etiladi. Ularning qay biri yaxshi natija ko‘rsatsa, Osiyo chempionatiga boradi. Qolaversa, bu yil katta musobaqalardan Osiyo o‘yinlari va Islom Birdamlik o‘yinlari bor. Kimdir Osiyo chempionatiga borsa, yana kimdir Islom Birdamlik o‘yinlarida qatnashadi. Nodir Rahimov va Umid Jalolov iste’dodli kurashchilar. Rio Olimpiadasi ishtirokchisi Abbos Rahmonov dekabrda O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Asosiy vazifamiz Osiyo o‘yinlariga kuchli tarkib bilan borish.
- Turkiyadagi turnirdan qanday natija kutyapsiz?
- Yilning dastlabki reyting turniriga bo‘lgan qiziqish yuqori. Juda kuchli musobaqa bo‘lib, dunyoning eng kuchli kurashchilari Istanbulga kelyapti. Shu kunlarda Bolgariyada o‘tkazilgan musobaqaga ishtirokchi davlatlar o‘zlarining 3-4 tarkiblarini olib kelishgan edi. Istanbuldagi reyting turnirida AQSh, Rossiya, Eron, Ozarbayjon, Gruziya kabi nomdor mamlakat terma jamoalari qatnashadi. Ochig‘ini aytaman, Turkiyada hech kimga oson bo‘lmaydi. Bekzod Abdurahmonov 74 kilogramm vaznda 86 kiloga ko‘tarildi. Birinchi xorij musobaqasida qatnashadi. Moslashib ketishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. G‘ulomjon Abdullayev ham 57 emas, 61 kg vaznda gilamga chiqadi.
Turkiyadagi xalqaro musobaqada ishtirok etadigan erkin kurashchilarimiz tarkibi:
61 kg: G‘ulomjon Abdullayev
74 kg: Asomiddin Hasanov
65 kg: Umidjon Jalolov
65 kg: Abbos Rahmonov
65 kg: Nodir Rahimov
86 kg: Bekzod Abdurahmonov
97 kg: Muhammadrasul Rahimov
125 kg: Hasanboy Rahimov
125 kg: Sardor Xolmatov