Abdumalik Xalakov: “Kelgusida o‘z ustimda ishlayman va albatta chempion bo‘laman”
Kuni kecha yakuniga yetgan boks bo‘yicha jahon chempionatining qahramonlaridan biri Abdumalik Xalakovning chiqishi ko‘pchilik muxlislarimizda iliq taassurot qoldirdi. Yosh bokschimiz musobaqa davomida o‘zining ajoyib texnikasi va harakatlari bilan yodimizda qoldi. E’tiboringizga -60 kg vazn toifasi finalchisi bilan tashkil qilgan suhbatimizni havola qilamiz:
– Jahon chempionatidagi ishtirokingizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
– Ishtirokimdan ko‘nglim to‘ldi, deya olaman. Unda o‘zimni yaxshi tomondan ko‘rsata oldim, deb o‘ylayman. Bu bilan to‘xtab qolish niyatim yo‘q, albatta. Kelgusi jahon chempionati o‘z yurtimizda bo‘ladi. Endi bor e’tiborimni o‘sha chempionat va Parij-2024 Olimpiadasiga qarataman.
– Ko‘z o‘ngingizda bir qator yetakchilarimizning mag‘lub deb e’lon qilingani qanday ta’sir o‘tkazdi?
– Jamoamizdagi yetakchi sportchilar, jahon chempionati favoritlarining ilk bosqichlardayoq mag‘lub bo‘lganidan biroz xafa bo‘ldim. Boisi, ularning boksi bizga motivatsiya berar edi. Bir tomondan, ularning turnirni tark etishi bizga boshqacha kuch berdi. Biz hakamlarga ortiqcha ish qoldirmasdan bellashuvni o‘z foydamizga hal qilishga harakat qildik.
– Dastlab qur’a tashlangandan so‘ng chorak finalda kubalik raqib bilan tushishingizni siz ham taxmin qilgan bo‘lsangiz kerak. Vaziyat o‘zgargani Sizga qanchalik qo‘l keldi?
– To‘g‘risi men ham shunday bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Biroq u ilk bosqichdayoq yaponiyalik bokschiga imkoniyatni boy berdi. Jahon chempionatida kuchli sportchilar ham ba’zan shunday mag‘lub bo‘ladi. Shuning uchun ring kim zo‘rligini ko‘rsatadigan joy hisoblanadi.
– Fransiyalik bokschi bilan final jangida nima yetishmadi deb o‘ylaysiz?
– Hal qiluvchi bellashuv natijasi adolatli bo‘ldi. Menga o‘sha kuni biroz omad yetishmadi. Nasib qilsa, kelgusida o‘z ustimda ishlayman va albatta chempion bo‘laman.