Kubaning Arlen Lopessiz qolishi, Endi Krus qaysi vaznda qatnashishi haqida suhbat
Boks bo‘yicha O‘zbekiston va Kuba terma jamoalarining qo‘shma yig‘ini qizg‘in davom etmoqda. Mashg‘ulotlardan so‘ng Kuba jamoasining taniqli yulduzlaridan biri, Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni, 2 karra jahon chempioni Endi Krusni kichik suhbatga tortdik:
– Jahon chempionatida qaysi vazn toifasida jang qilasiz?
– Bu dunyo birinchiligiga -63.5 kg vazn toifasida tayyorlanayapman.
– Ko‘pchilik sizni Olimpiadadan keyin vazn toifasini biroz ko‘tarib, -67 kgda tushsa kerak deb o‘ylagan edi. Vazn tashlashga qiynalmaysizmi?
– Bu men uchun juda qulay vazn toifasi. Negaki, tabiatan shunga yaqin vaznda yuraman. Shu bois hozir ham u qadar ko‘p vazn tashlamayman.
– Bu vazndagi asosiy raqobatchilaringiz haqida qanday ma’lumotga egasiz?
– Ochig‘i, u qadar emas. Vazn toifalari o‘zgargani uchun kimlardir ko‘proq vazn tashlab, yana kimlardir vaznini ko‘tarib bu toifada ishtirok etadi. Albatta, jahon chempionati bo‘lar ekan, unga kuchsiz bokschi kelmaydi. Faqat avvallari men bilan bir vaznda tushib yurgan yigitlar haqida yaxshiroq bilaman.
– Shunday bo‘lsa ham, kimlarning nomini aytib o‘tgan bo‘lardingiz?
– Boksda kutilmagan natijalar, yangi nomlar juda ko‘p uchrab turadi. Shu bois, keling, kimnidir aytib o‘tmayman. Ta’kidlaganimdek, barchaga birdek kuchli raqibim deb qarayman.
Mehmonlarning ma’lum qilishicha, Kuba jamoasi O‘zbekistonga 8 nafar bokschi bilan tashrif buyurgan. Yana 4 nafari Gavanadan to‘g‘ri Belgradga yo‘l olsa, jamoaning taniqli vakillaridan biri, 2 karra Olimpiada chempioni Arlen Lopes oilaviy sabablarga ko‘ra musobaqada ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi. Uning o‘rniga boshqa sportchini ro‘yxatdan o‘tkazish vaqti tugagani uchun, -80 kg vazn toifasida ushbu jamoadan hech kim ishtirok eta olmaydi.