Rolando Montes: “O‘zbek boksi bilan tajriba almashish biz uchun juda muhim”
Ma’lum qilganimizdek, ayni kunlarda boks bo‘yicha O‘zbekiston va Kuba terma jamoalari Toshkent viloyatida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda. E’tiboringizga Kuba jamoasi bosh murabbiyi Rolando Montes bilan tashkil etilgan kichik suhbatni havola qilamiz:
– O‘zbekistonda yig‘in o‘tkazish fikri qachon paydo bo‘ldi?
– Tokio Olimpiadasidan so‘ng bu borada atroflicha fikrlashdik va taxminan 1 oy avval yakuniy qarorga kelindi. O‘zbekiston jamoasi bilan iliq munosabatimiz bor. Ular avval Kubaga borishgan edi, bu gal biz Toshkentga keldik. Kelajakda bu munosabatni yanada mustahkalamoqchimiz.
– Dastlabki sparring mashqlarini o‘tkazib oldik. Bokschilarimizdagi potensialni qanday ko‘ryapsiz?
– O‘zbekiston termasining har qaysi yosh toifasidagi jamoasida juda katta potensial bor. Yigitlaringiz mahorat va texnika borasida, shubhasiz, kuchli. Mamlakatingizning iqlimi, vitaminga boy mevalari va ovqatlari bokschilarni yanada kuchli qiladi.
– Ob-havo Kubaga qaraganda biroz sovuq ekani salbiy ta’sir o‘tkazmayaptimi?
– Yo‘q, bu katta muammo emas. Yig‘in professional darajada tashkillashtirilgan. Hech qanday muammoga duch kelayotganimiz yo‘q. Eng asosiysi, Sizlarda juda kuchli bokschilar bor. O‘zbek boksi bilan tajriba almashish biz uchun juda muhim.
– Siz faoliyatingiz davomida juda ko‘p Olimpiya o‘yinlarida ishlansiz. Nima deb o‘ylaysiz, Tokio-2020 boshqalari bilan qanday farq qildi?
– Hozirda boks butun dunyoda rivojlanmoqda. Jahon miqyosida o‘tkaziladigan musobaqalar saviyasi, tabiiyki, bir hil darajada emas. Koronavirus pandemiyasi bilan bu Olimpiada siklida biz o‘zimiz xohlaganchalik tayyorlana olmadik. Zamonaviy sportda yuqori darajani ushlab turish uchun biz ham o‘z ustimizda ishlab, yangilik qilib borishimiz kerak.
– Mashg‘ulotlar davomida ko‘ryapmizki, Roniyel Iglesias ko‘p bora asosiy jamoadan ajralgan holda mashq qilmoqda. U bilan individual dastur ishlanganmi?
– Yo‘q, u o‘zi tabiatan shunaqa. Roniyel jamoamizning yetakchi vakili. U yillar davomida olgan tajribasi bilan ba’zi vaziyatlarda alohida yurib o‘zini shunday tayyorlaydi.